Davlatimiz rahbari Yaqin Sharq mamlakatlari yetakchilari bilan suhbatda Oʻzbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yoʻllar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qatʼiy tarafdorligini bildi­rar ekan, muloqotlar chogʻidagi muhim bir siyosiy aspekt bizni alohida hayajonga soldi, qalbimiz toʻlqinlandi, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlganimizdan, shunday mehri­bon va gʻamxoʻr Prezidentimiz borligidan gʻururlandik.

Hozir Yaqin Sharq mintaqasidagi moja­rolar, qoʻshni Afgʻoniston va Pokiston oʻr­tasidagi qurolli toʻqnashuvlar barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Bugungi glo­ballashuv sharoitida dunyoning narigi che­tida otilgan bir oʻq minglab kilometr uzoq­likdagi mamlakatlarga taʼsirini oʻtkazadi. Chunki texnologik zanjir orqali bogʻlan­gan savdo-logistika, tovar ayirboshlash, masofaviy biznes va shunga oʻxshash boshqa muloqot jarayonlari iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarga salbiy taʼsir qiladi, pu­tur yetkazadi.

Biz davlatimiz rahbarining kechagi muloqotlardagi siyosiy irodasi haqida gapirayotgan edik. Prezidentimiz bu mam­lakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fu­qarolarining taqdiri, xavfsizligi, salo­matligi haqida soʻradi. Yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish masalalari muhokama qi­linib, shu maqsadda koʻrilayotgan chora-tad­birlar uchun alohida minnatdorlik bildi­rildi.

Bu bir qarashda siyosiy muloqot ru­sumiga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Lekin tahlikali hududlarda qolib ketgan yurt­doshlarimizni vatanga qaytarish boʻyicha Prezidentimizning shaxsan oʻzi tegishli idoralar rahbarlariga koʻrsatmalar ber­gani, bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor qaratilishi kerakligini aytgani va nihoyat, shu kunga qadar minglab yurt­doshimiz tinch-osoyishta, fayzli, aziz zaminimizga sogʻ-omon olib kelingani har birimizda mehr va birdamlik tuygʻu­larini joʻsh urdirdi.

Soʻz isboti bilan. Prezidentimizning maxsus topshirigʻiga muvofiq minglab oʻz­bekistonliklar evakuatsiya qilingani ha­qidagi xabarlarni kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiyapmiz.

Ularda aytilishicha, Yaqin Sharqda har­biy keskinlik kuchaygani sabab 28 fev­raldan boshlab Dubay, Sharja, Madina, Doha, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Kuvayt yoʻnalishidagi aviareyslar toʻxtatilgan. Natijada minglab oʻzbekistonlik chet elda qolib ketgan.

Faqatgina Oʻzbekiston Prezidentining maxsus topshirigʻi bilan evakuatsiya ishla­ri boshlangach, rezident aviakompaniyalar maxsus reyslar amalga oshirib, qisqa vaqt ichida 5 mingdan ortiq fuqaro vatanga qay­tarildi.

Jarayonni muvofiqlashtirish uchun “Oʻzaviatsiya” agentligida 24/7 rejimida ishlaydigan shtab tashkil etildi.

Yozayotganimiz shu yerga yetganda navbatda­gi xabar tarqaldi. Tashqi ishlar vazirli­gining xabar berishicha, 5-mart soat 10:00 holatiga Oʻzbekistonning jami 9361 nafar fuqarosi ona yurtimizga qaytarildi. Jumladan, Saudiya Arabistonidan 8114, BAAdan 1192, Erondan 23, Bahrayndan 25, Oʻmondan 7 nafar yurtdoshimiz Oʻzbekiston­ga olib kelingan.

Hozir bu gaplarni yozishgina oson. As­lida, har bir fuqaroni vatanimizga olib kelish ortida qanchalar murakkab, qaltis, tahlikali va nozik jarayonlar borligini boshidan oʻtkazganlar, shu ezgu ish boshida turganlar biladi, xolos.

Biz faqat bu yerdan turib, shu kunlar­da Yaqin Sharqdan chiqib ketish 350 ming dollarga yetgani haqidagi xabarlar haqida aytishimiz mumkin. Soʻnggi maʼlumotlar­ga koʻra, Yaqin Sharqdan xavfsiz hududga yetib olish uchun 10 soatlik yoʻltanlamas mashina safari va xususiy samolyot uchun 350 ming dollar toʻlashga tayyor mijozlar navbati paydo boʻlgan.

Bizda esa mutlaqo boshqacha manzara: Prezidentimizning mehrli siyosati tufay­li 10 mingga yaqin oʻzbekistonlik oʻz ona yurtiga begʻaraz olib kelindi. Bu ham mam­lakatimizda inson qadri ulugʻlanayotgani, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi doimo davlat himoyasida ekanini amalda namoyon etadi.

Shu oʻrinda hasratli bir xotira yodga tushdi. Bir zamonlar biz boshqa davlat fuqarolariga havas qilar edik. Ular oʻz davlati muhofazasida boʻlganidan, hami­sha oʻzini magʻrur va xavotirsiz tutishidan oʻzimizni ulardan kam tutardik. Bugun koʻplab mamlakat fuqarolari oʻzbekiston­liklarga, Oʻzbekiston Prezidentining insonparvar siyosatiga, oʻz fuqarolari­ni tashlab qoʻymaganiga havas qilmoqda. Xususan, Yaqin Sharqdan olib kelingan oʻzbekistonliklar borasida ijtimoiy tarmoqlar orqali ijobiy fikrlar bildi­rayotgan chet ellik insonlarning gap-soʻz­larini oʻzingiz ham koʻrib turibsiz.

Ulugʻ ayyom kunlarida amalga oshirilayot­gan bunday ezgu chora-tadbirlar har biri­mizni qayta va qayta keng mushohada qilish­ga chorlaydi. Dunyo yangi-yangi tahlikalar qurshovida qolmoqda. Turli mojarolar tufayli begunoh odamlar, ayollar va bola­lar halok boʻlyapti. Bunday hududlarda bir soatlik tinchlik, bir nafaslik osoyishta uyqu, farzandlaringiz bilan xotirjam no­nushta qilish bir zumda armonga aylanib qolmoqda.

Bu qaygʻuli manzara bugun barchani jid­diy xulosalar qilishga undaydi. Xulosa qanday boʻlishini esa yurtdoshlarimiz yaxshi biladi, albatta.

Ulugʻbek ASROROV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri