Bosh konsulxonaning maʼlum qilishicha, ushbu shaxslar ishga joylashish, uy-joy va qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha yolgʻon vaʼdalar berib, vatandoshlarimizni ogʻir ahvolga solmoqda.
Agar siz noqonuniy mehnat faoliyatini boshlasangiz yoki firibgarlar tomonidan aldansangiz, quyidagi muammolarga duch kelishingiz mumkin:
— Ish haqi vaʼda qilinganidan ancha kam toʻlanishi yoki umuman berilmasligi
— Ish sharoitlari ogʻir yoki yomon boʻlishi
— Ish beruvchi tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya va haqorat
— Turkiyada noqonuniy mehnat qilish oqibatida deportatsiya va jarimalar
— Turkiyaga kelganingizdan soʻng, aeroportda kutib olish vaʼda qilinib, pulingiz oʻzlashtirilgandan keyin vositachining gʻoyib boʻlishi
Yuqoridagi holatlarda vatandoshlarimiz va ish taklif qilgan shaxslar oʻrtasida hech qanday rasmiy hujjat mavjud boʻlmaganligi sababli, firibgarlarni javobgarlikka tortish juda qiyin boʻladi.
Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnoma – ish ruxsatnomasiga (Çalışma İzni) ega boʻlishlari shart.
Ish izlash uchun faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi (www.migration.uz) yoki litsenziyaga ega rasmiy agentliklarga murojaat qiling.
— Turkiyaga noqonuniy yoʻllar bilan kelmang va ishonchsiz shaxslarga pul bermang.
— Ish sharoitlari, ruxsatnomalar va maosh boʻyicha rasmiy hujjat talab qiling.
Oʻzingiz va yaqinlaringizni firibgarlardan ehtiyot qiling. Ishga faqat rasmiy yoʻllar bilan joylashing, — deyiladi xabarda.