Bu haqda Oʻzbekistonning Amerikadagi elchisi Furqat Siddiqov maʼlum qildi.

Furqat Siddiqovning aytishicha, aholi uchun AQSH viza rejimini yengillashtirish borasida muntazam harakat ketmoqda. Kutilgan natijaga erishish esa oson kechmasligi tabiiy.

“AQSHga vizasiz kirishga erishish uzoq vaqt talab etadigan jarayon. Lekin bu boʻyicha muzokaralar olib boryapmiz. Albatta, qanaqa viza rejimini joriy etish, qanday shartlar qoʻyish Amerika hukumatining ichki siyosatiga bogʻliq. Hozirda nafaqat AQSHga, balki Braziliya, Kanada va boshqa davlatlarga ham aholimiz vizasiz borishini taʼminlash borasida muntazam muzokaralar ketmoqda”, dedi elchi.

​Furqat Siddiqov bugungi kunda oʻzbek-amerika munosabatlari tarixiy choʻqqiga chiqqanini taʼkidladi. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta potensial mavjudligini aytdi.

“Oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekiston va Amerika prezidentlari oʻrtasida toʻrt marta muloqot boʻldi. Ikki marta telefon qoʻngʻirogʻi va ikki marta Nyu York hamda Vashingtonda uchrashuvlar tashkil qilindi. Buning natijasida keng koʻlamli kelishuvlarga erishilgan. Bu Amerika hukumatining Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlarga, mamlakat potensialiga eʼtiborini, biz bilan hamkorlik qilishga tayyorligini koʻrsatadi”, dedi diplomat.

​Furqat Siddiqov 2026-yil yanvar oyi yakunidan Oʻzbekistonda AQSH fuqarolari uchun 30 kungacha boʻlgan vizasiz rejim joriy etilishini maʼlum qildi. Buning natijasida mamlakatga okean ortidan keluvchi sayyohlar soni uch baravar koʻpayishi kutilmoqda.