Uchrashuvda mamlakatimiz hududlarida “VFS Global” ofislari tarmogʻini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

(Izoh: VFS Global — koʻplab mamlakatlar uchun viza arizalarini qabul qilib berishda yordamchi xizmat koʻrsatadigan kompaniya.)

Jamoaviy guruhlarning arizalari boʻyicha kompaniya xodimlarining sayyor qabullari mexanizmini ishga tushirishga kelishib olindi. Ushbu xizmat shakli pullik asosda koʻrsatiladi hamda chekka hududlardagi ariza beruvchilarga, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga tashrif buyurmasdan viza yordamini olish imkonini beradi.

Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari uchun respublikada diplomatik vakolatxonalari boʻlmagan mamlakatlarga (jumladan, Kanada, Argentina, Avstraliya va boshqalar) vizalarni rasmiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. (Izoh: Chunki baʼzi mamlakatlarda Oʻzbekistonda elchixonalari yoʻq. Shuning uchun viza olish uchun boshqa mamlakatga borishga yoki koʻp vaqt va pul sarflashga toʻgʻri keladi. Shu qiyinchiliklarni yumshatish maqsad qilingan.)

Akkreditatsiyadan oʻtgan konsulliklar mavjud boʻlmagan sharoitda vizani rasmiylashtirish qoʻshimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni jarayonlarning bir qismini mamlakatimiz hududiga koʻchirishga, jumladan, “VFS Global”ning mahalliy ofislari orqali biometrik maʼlumotlarni topshirish va onlayn suhbat oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etdi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish va Oʻzbekiston fuqarolari uchun viza xizmatlari sifatini oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Qoʻshimcha maʼlumot:

VFS Global — bu halqaro xususiy kompaniya boʻlib, u turli mamlakatlar uchun vizalarni rasmiylashtirish jarayonida texnik yordam xizmatlarini koʻrsatadi.

VFS Globalʼning asosiy markazi Dubayda (Birlashgan Arab Amirliklari) joylashgan. Ammo kompaniya 140 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi va 60 milliondan ortiq odamga viza arizalarini topshirishda yordam berib keladi.

  • Ehtiyot boʻling: VFS Global elchixona yoki konsullikning oʻrnini bosmaydi. U faqat vizani qabul qilish, hujjatlarni tekshirib berish, biometrik maʼlumotlarni yigʻish kabi texnik xizmatlarni koʻrsatadi.
  • Aslida qarorni viza berish yoki rad etish haqida faqat elchixona yoki konsullik chiqaradi.

Koʻp davlatlar oʻz vakolatxonalarida yuzaga keladigan navbatlarni kamaytirish, xizmatlarni qulaylashtirish va xavfsizlikni oshirish uchun shunday xususiy kompaniyalardan foydalanishadi.