Uchrashuvda O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi ta’kidlandi. «El-yurt umidi» jamg‘armasi bu yo‘nalishda O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor sohalariga zamonaviy xalqaro bilim va ko‘nikmalarga ega professional kadrlarni tayyorlash tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda.
Agentlik raisi Abdulhadi Turusning aytishicha, Turkiya har yili «Türkiye Bursları» yetakchi davlat stipendiya dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun o‘rtacha 230 tagacha grant ajratadi. Bu grantlar o‘qish, yashash, sug‘urta va aviachiptalarni qamrab oladi. Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusi yilda kvotani 250 tagacha ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, bu ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, «El-yurt umidi» jamg‘armasi vakillari O‘zbekistonda «Türkiye Bursları» dasturi bo‘yicha har yilgi suhbat o‘tkazish komissiyasi tarkibiga kiritiladi.
Tomonlar «El-yurt umidi» jamg‘armasining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Turkiy xalqlar tarixi, tili va madaniyati bo‘yicha tadqiqotlar olib borayotgan talabalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, YTB agentligi bilan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari uchun «Kotib ota» uch oylik dasturi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari uchun «Oliy ta’lim menejmenti» dasturida bo‘yicha qo‘shimcha kvotalar ajratilishiga kelishildi.








