Maʼlumotga koʻra, volontyorlik tajribasiga ega boʻlgan xodimlar yaxshi ish topishi ehtimoli yuqori ekan. Koʻpgina mamlakatlardagi ishxonalarda cheklov mavjud boʻlsa, ular avvalo volontyorlik tajribasiga ega kishini tanlashar ekan. Chunki ushbu jarayonda qatnashish davomida mutaxassislar hayotiy koʻnikmalarni egallaydilar – aloqaga kirishish, murosaga kelish, vaziyatni his qilish qobiliyati rivojlanadi.

— Volontyorlik Oʻzbekistonda yangi tushuncha emas, faqat ilgari uni boshqacha nomlashgan, — dedi Alisher Saʼdullayev. — Volontyorlarga ularning madaniyat darajasini oshirish uchun bilim berish kerak. Biz Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda volontyorlar maktabini ochishga qaror qildik. Bu nima uchun kerak? Gap shundaki, volontyorlik hamma bilishi kerak boʻlgan muhim ahamiyatga ega yoʻnalish. Chet mamlakatlarda volontyorlar maʼlum yoʻnalishni, yosh yoki dinni tanlamaydi. Bu muhim umuminsoniy harakat, jamiyatning muhim elementi, shuning uchun ularga maydon yaratish kerak.

Shuningdek, uchrashuv davomida A. Saʼdullayev Oʻzbekiston boʻylab 14 ta hududda volontyorlar maktablari ochilishini maʼlum qildi. Endilikda volontyorlar uchun har bir mintaqada moddiy-texnika bazasi bilan jihozlangan alohida ofis boʻladi, deya xabar beradi OʻzA.

— Shuningdek, volontyorlar markazlarini ochish taklifi ham mavjud. Hozir universitetlar huzurida 30 ta shunday markazni yaratish muhokama qilinmoqda. Bu talabalar boʻsh vaqtida, darslar oraligʻi yoki yakunida yigʻilishib, oʻzlarining loyihalarini muhokama qilishlari uchun xizmat qiladi,— deya taʼkidladi Saʼdullayev.