2022-yil 15-dekabrda Nyu-Yorkda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh kotibining siyosiy va tinchlik oʻrnatish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda BMT bosh kotibining oʻrinbosari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-oktyabrda Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha VI sammit davomida ilgari surilgan BMT shafeligida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish tashabbusi mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
R.DiKarlo Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston masalalari boʻyicha keng kelishuvga erishish va global miqyosda amaliy choralar koʻrishga qaratilgan tashabbusini olqishladi. Shu bilan birga, u Oʻzbekistonning Afgʻoniston masalasini hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. U Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida mazkur muhim tashabbusni faol ilgari surish, yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirishning konseptual va huquqiy asoslarini imkon qadar tezroq shakllantirish boʻyicha birgalikda ishlashga tayyorligi tasdiqlandi.
R.Dikarlo Oʻzbekiston tashabbusining amalga oshirilishi Afgʻonistonda, shu jumladan, inson huquqlarini himoya qilish, inklyuziv hukumatni shakllantirish va boshqa sohalarda xalqaro hamjamiyatning talablari roʻyobga chiqishiga yordam berishiga umid bildirdi.
Tomonlar Afgʻoniston boʻyicha xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini masalasini ilgari surish boʻyicha muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.