Oʻzbekistonning Bahrayndagi birinchi elchisi tayinlandi

    Oʻzbekistonning Bahraynga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida) Nodirjon Turgʻunov ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Roshid az-Zayaniyga ishonch yorliqlari nusxalarini onlayn tarzda topshirdi.

    "Dunyo" AAning xabar berishicha, rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Bahrayn oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Bahrayn TIV rahbari Abdulatif bin Roshid az-Zayaniy Oʻzbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholab, tashqi siyosat va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini taʼkidladi.

    Ikki mamlakatni tarixiy aloqalar bogʻlab turishi, qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar esa yuqori darajada ekanini qayd etildi.

    Oʻzaro munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarga hissa qoʻshishga tayyorlik tasdiqlandi.

    Bahrayn tashqi ishlar vaziri uchrashuv yakunida Oʻzbekiston elchisiga ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi masʼuliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.