Tadbirda Ekologiya vazirligi, BMTTD, Global ekologik fond (GEF), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN), nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi. Unda Oʻzbekistonning Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturiga muvofiq biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi.

“Oʻzbekistonda bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha 2030-yilgacha maqsadlar belgilab olingan. Xususan, aholi yashash hududlaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash, bioxilma-xillikni asrab qolish va yashash joylarining 30 foizini yashil hududga aylantirish maqsad qilingan, – dedi Ekologiya vazirligi boʻlim boshligʻi Abdurashid Sodiqov. – Shuningdek, Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maqsadlardan yana biri oʻsimlik va hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyishni kuchaytirishdir. Qolaversa, dorivor oʻsimliklardan foydalanish boʻyicha yiliga 25 ming gektar madaniy plantatsiyalar tashkil qilish va hayvonot dunyosi boʻyicha Toshkent, Termiz, Fargʻona davlat hayvonot bogʻlari qoshida yovvoyi hayvonlarni reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish kabi takliflar tayyorlangan”.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha yangi milliy maqsadlari 2024-yil oktabr oyida Kolumbiyada boʻlib oʻtadigan Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilarining 16-konferensiyasida jahon hamjamiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda yangilangan maqsadlar boʻyicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi. Bundan tashqari, BMTTD, GEF va Ekologiya vazirligining “Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatlarni qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi 2030-yilgacha butun dunyo boʻylab tabiatni muhofaza qilish uchun amalga oshirilishi kerak boʻlgan aniq harakatlarni belgilab berishi taʼkidlandi. Oʻzbekiston ushbu loyiha dasturiga qoʻshilish orqali uni mamlakatimizda amalga oshirish majburiyatini oldi.

“Dasturda 2030-yilgacha amalga oshirilishi kerak boʻlgan 23 ta maqsad bor. Shuningdek, 2050-yilga borib erishish reja qilingan yana toʻrtta global maqsad mavjud va eng muhim natija — 2050-yilgacha dunyo tabiat bilan uygʻunlikda yashashi kerak, – dedi loyiha rahbari Sergey Zagrebin. – Bugungi tadbirda ana shu maqsadlar muhokama qilindi. Umid qilamizki, loyiha doirasida tayyorlangan maqsadlar boʻyicha fikr-mulohazalar, tavsiyalar, qoʻshimchalar, sharhlar bildiriladi va bu maqsadlarimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi”.

Maʼlumot uchun, loyiha 2023-yil fevral oyida boshlangan. 2023-yil oktabr oyida loyiha doirasida Global bioxilma-xillikni saqlash dasturining amaldagi Strategiyasi va Harakatlar rejasiga muvofiqligi masalalari muhokama qilindi va yangi maqsadlarni aniqlab olish zarurligi belgilab olindi.