Oʻzbekistonning birinchi elchisi Malta Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Oʻzbekistonning Maltadagi birinchi elchisi Abat Fayzullayev ushbu mamlakat Prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, tantanali tadbirdan soʻng boʻlib oʻtgan qisqacha muloqotda Malta yetakchisi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida ikki tomonlama munosabatlar faollashganini taʼkidladi.

    Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT va YEXHT doirasidagi oʻzaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga alohida urgʻu qaratildi.

    Abat Fayzullayev 2020-2023-yillarda Oʻzbekistonning Avstriyadagi va oʻrindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning oʻzida Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.