Dala tadqiqotlari natijasida Koʻhitangtogʻ tizmasi hududidan paleolit davriga oid yodgorlik aniqlandi. Koʻhitang togʻining ichki qismida koʻplab tor daralar mavjud boʻlib, ularda geologik jarayonlar natijasida koʻplab gʻor va ungurlar shakllangan. Ularning biridan qadimgi davrda ibtidoiy odam ajdodlari mavsumiy boshpana sifatida foydalangan.

Dastlabki kuzatuvlar natijasida yodgorlik yer sathidan koʻplab tosh uzaklar, ularning parchalari, uchrindi va plastinalar hamda qurollar yigʻib olindi. Yodgorlik madaniy qatlamlari holatini aniqlashtirish uchun 1x2 metr hajmida shurf qazildi. Qazuv ishlari yer sathidan 0,5 metr chuqurlikda qoyatosh yotgʻiziqlarida toʻxtatildi. Qazuv ishlari natijasida yodgorlik bitta madaniy qatlamdan iborat ekanligi aniqlandi. Madaniy qatlam kul va kuyindi qoldiqlari bilan qoplangan qoramtir, mayda tarqoq tuproqdan tarkib topgan boʻlib, unda ham koʻplab tosh buyumlar va yovvoyi hayvon suyak qoldiqlari topildi.

Ushbu yodgorlik hududda ilgari topib oʻrganilgan Teshik-tosh yodgorligiga xronologik va madaniy jihatdan oʻxshashligi bilan ahamiyatlidir. Yodgorlikdan topilgan tosh buyumlar oʻrta paleolit davriga tegishli boʻlib, toshga ishlov berish texnikasi va tosh buyumlar madaniy jihatdan aynan Teshik-tosh yodgorligi anaʼanalarini takrorlaydi.

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari mazkur yodgorlikda tadqiqot ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.