Uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokara jarayonining hozirgi holati hamda bu boradagi hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Syanchen Chjan Oʻzbekiston Rahbariyatining mamlakatning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonini faollashtirish borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berdi. Unga koʻra, Oʻzbekistonning tashabbuskorligi tufayli Tashkilot bilan hamkorlik jadal tus oldi. Shuningdek, u joriy yilning avgust oyida yangi lavozimni egallaganidan beri tashrif buyurgan birinchi mamlakat Oʻzbekiston ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekiston uchun JSTga aʼzo boʻlish mamlakatni koʻp tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashga qaratilgan ustuvor masala hisoblanadi.
Mamlakat Hukumati savdo-sotiqni erkinlashtirish, JST bitimlari tamoyillari va qoidalari asosida tashqi savdoni isloh qilish tizimlarini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha jahonning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etishga oid saʼy-harakatlarni davom ettirishga sodiq ekanligi taʼkidlandi.
Tomonlar joriy yil oxirigacha Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 5-yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni oʻtkazishda va umuman Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonida har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Zarur hujjatlarni tayyorlashda JST Kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonga koʻrsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara jarayoni bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish yuzasidan birgalikdagi ishlarni faollashtirishga oʻzaro tayyorligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.