Oʻzbekiston delegatsiyasi Botken viloyati Qadamjay tumani Markaziy tuman kasalxonasida boʻldi. U yerda Qirgʻiziston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev va Qirgʻiziston hukumatining boshqa vakillari ishtirokida shifoxonaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama muloqotlar davomida sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari, shu jumladan, “COVID-19”ga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar yuqumli kasalliklarni davolash, tashxislash va oldini olish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

A. Beyshenaliyev yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilishi, uning jihozlanishida koʻrsatilgan amaliy koʻmak va taqdim etilayotgan gumanitar yordam uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, pandemiya davrida moliyaviy imkoniyatlar hamda davolash muassasalarida shifo-oʻrinlari yetishmayotgan shunday murakkab sharoitda oʻzbekistonliklarning ushbu koʻmagi yuqori baholanishini aytib oʻtdi.

Zamonaviy shifoxona qurilishi va jihozlanishi toʻliq Oʻzbekiston tomonidan moliyalashtirildi va qisqa muddatlarda foydalanishga topshirildi. Muassasa zarur tibbiy jihozlar va mebellar bilan toʻliq jihozlangan boʻlib, bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

200 oʻrinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildirib, ushbu tashabbus qirgʻiz-oʻzbek xalqlari orasidagi azaliy doʻstlik munosabatlarini yana-da mustahkamlashini taʼkidlashdi.

Shuningdek, Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vaziri “COVID-19”ga qarshi kurashish doirasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni ham alohida eʼtirof etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi nomidan soʻzga chiqqan Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A. Inoyatov Oʻzbekiston tomoni tibbiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdorligini, shuningdek, butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi qardosh Qirgʻiziston xalqi bilan birgalikda kurashishga tayyorligini bildirdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.