Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, MonumentalTrees.com ushbu milliy tabiiy meros obyektlarini jahon jamoatchiligiga keng tanitishda va milliy turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.

Mamlakatimiz hududi ham ana shunday noyob va tarixi uzoq asrlarga borib taqaladigan daraxtlarga boy ekanligi sir emas. Ayni vaqtga qadar bir qator milliy tabiiy meros obyektlari MonumentalTrees.com da oʻz ifodasini topdi. Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi (yoshi salkam 1500-yil) daraxti, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160-yildan koʻproq), Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanidagi archa daraxti (yoshi 1000-yildan koʻproq), yongʻoq daraxti (yoshi 800-yildan koʻproq) va chinor daraxti (yoshi salkam 600-yil), shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlogʻidagi chinor daraxti (yoshi salkam 900-yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 750-yildan koʻproq) hamda Jizzax viloyatida Zomin milliy tabiat bogʻi hududidagi boboyongʻoq daraxti (yoshi salkam 700-yil) shular jumlasidandir.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari safida mazkur xalqaro roʻyxatda oʻz tabiiy meros obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazgan birinchi va MDH respublikalari orasida uchinchi davlatdir (Rossiya va Ozarbayjondan soʻng).