Bugungi kunda globallashuv jarayonlarining jadal rivojlanishi xalqaro munosabatlarga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Mazkur sharoitda davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish va global barqarorlikni taʼminlash bevosita davlatlar oʻrtasidagi kuchlar va manfaatlar muvozanatining shakllanishiga bogʻliq. Soʻnggi yillarda jahonda yuz bergan voqealar dunyoning geosiyosiy strukturasi va yoʻnalishini tubdan yangiladi, jahon siyosatiga asta-sekin bir guruh yangi suveren davlatlarning kirib kelishi natijasida davlatlararo siyosat va diplomatiya maydoni tubdan boshqa mohiyat va mazmun kasb etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatining ilk kunlaridan Markaziy Osiyo davlatlari bilan amaliy, oʻzaro manfaatli va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini shakllantirish, mintaqada xavfsizlikni taʼminlashni tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgiladi va uning maʼnaviy jihatlarini taʼkidladi. Oʻzbekiston rahbari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga doir strategik qarashlarini 2017-yil 19-sentyabrda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida batafsil bayon qildi.

Shu bilan birga, 2020-yil 24-sentyabr kuni Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi oʻzbek tilidagi nutqida Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishi, 2018-yil mart oyida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afgʻon muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich boʻlganligi, 2020-yilning sentyabr oyida Doha shahrida afgʻon siyosiy kuchlari oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini toʻla qoʻllab-quvvatlanishi va bu muzokaralar jafokash afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik oʻrnatishiga umid qilinishi taʼkidlandi.

Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish tarmogʻini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishilganligi, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy eʼtibor markazida boʻlib qolishi zarurligi, faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali afgʻon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish mumkinligi va bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozimligi hamda ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur keng qamrovli xalqaro huquq normalarini va milliy-maʼnaviy qadriyatlarni oʻzida qamrab olgan huquqiy asoslarga hamda siyosiy gʻoyalarga tayanib, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yoʻnalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yoʻnaltirilgan.

Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar aniq belgilab olindi. Buning amaliy isboti sifatida fuqarolik, millatlar va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlanishida, Oʻzbekistoning tevaragida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirilayotganligida koʻrishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 2021-yil 14-15-iyul kunlari Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida ham Markaziy va Janubiy Osiyoda zamonaviy, samarador va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish, Termiz-Mozori Sharif-Qobul-Peshovar temir yoʻl tarmogʻi mintaqalarimiz oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik arxitekturasining asosiy boʻgʻiniga aylanishi kerakligi, bu temir yoʻl tarmogʻi Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo va MDH hududi orqali oʻtadigan eng qisqa yoʻlni ochish, shu bilan birga, yuklarning turib qolishi va tashish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qilishi, bundan tashqari, Transafgʻon temir yoʻl qurilishi loyihasi kelgusida mamlakatlarimizni Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa yetakchi davlatlari bilan bogʻlashi mumkinligi, bu esa “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi maqsadlari bilan ham uygʻunligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, 2021-yil 17-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga bergan javoblarida ham Oʻzbekistonning Markaziy Osiy mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy oʻrni va nufuzi oshganligi, dunyoda Yangi Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchayganligi taʼkidlanib, qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalari jadal rivojlanayotganligi, azal-azaldan qardosh va birodar boʻlgan mamlakatlarimiz koʻpgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot boʻyicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshlaganligi va jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” iborasini paydo boʻlganligi aytib oʻtilgan. Bu esa Prezidentimizning butun dunyoda va Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda ilgari surayotgan siyosiy gʻoyalari va ularning maʼnaviy jihatlari hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi afgʻon masalasiga hech qachon eʼtiborsiz boʻlmagan. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yuzasidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, shuningdek, AQSH hamda Rossiya ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi Afgʻonistonning “Qoʻshnilari va doʻstlari” nomli “6+2” muloqot va kelishuv guruhi tuzildi. 1998-yil 21-sentyabr kuni Nyu-Yorkda “6+2” formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi uyushtirilib, unda Afgʻoniston masalasida oʻzaro anglashuv jihatlari qabul qilindi. 1999-yil 19-20-iyul kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti koʻmagida Afgʻoniston boʻyicha “6+2” guruhining Toshkent oliy darajadagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar Afgʻonistondagi mojaroni tinch yoʻl bilan hal etishning asosiy tamoyillari haqidagi Toshkent deklaratsiyasini imzoladilar. Mazkur deklaratsiya hali-hamon ushbu mamlakatning barcha ichki siyosiy kuchlari tomonidan qabul qilingan hamda BMT tomonidan tasdiqlangan yagona rasmiy hujjatdir.

Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash maqsadida 2008-yil “6+3” formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi uyushtirildi, 2018-yil 27-mart kuni “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi. Umuman olganda, Afgʻoniston Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors koʻrfazi portlariga eng qisqa yoʻlini taʼminlashi, Hindiston, Eron va Pokistonni Yevropa va Yaqin Sharq bozorlari bilan bogʻlashi mumkin. Shu munosabat bilan Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlik oʻrnatishning asosiy masalalari boʻyicha keng va qatʼiy xalqaro konsensusni tasdiqlash, mamlakatda milliy yarashuv boʻyicha afgʻonistonliklar rahbarligida va ularning saʼy-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz afgʻon muammosiga bagʻishlangan deyarli barcha xalqaro forumlarda faol ishtirok etmoqda. “Qobul jarayoni”, “Moskva formati”, “Osiyo yuragi - Istanbul jarayoni” forumi, Afgʻoniston boʻyicha xalqaro aloqa guruhi, “SHHT - Afgʻoniston” aloqa guruhi, Afgʻoniston boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi ular jumlasidandir.

Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, Afgʻonistonda qochoqlar sonini ortishi mintaqa iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy hayotiga salbiy taʼsir etmay qolmaydi, albatta. Mamlakatda ahvolni barqarorlashtirish uchun Afgʻonistondagi muammolarni tinch yoʻl bilan hal etish, tomonlarni oʻzaro kelishuviga erishish va xalqaro hamjamiyatni moliyaviy va gumanitar koʻmagi talab etiladi. Oʻzbekiston tinchliksevar mamlakatdir. Xalqimizda bir naql bor: “Qoʻshning tinch - sen tinch”. Shunday ekan, nafaqat oʻz yurtining tinchligi, balki qoʻshni mamlakatlarning tinchligi va albatta mintaqa tinchligi - bu bir qator mamlakatlarning farovonligiga, iqtisodiy jihatdan yuksalishiga va albatta kelajak avlodga munosib moddiy va maʼnaviy meros qolishiga zamin yaratadi.

Shuhrat Hotamov,

Alisher Xursandov,

Jamoat xavfsizligi universiteti

dotsentlari