Oʻzbek diplomatlari vatandoshlarimizning Polsha chegarasidagi “Karchova” nazorat punktidan oʻtish masalasini muvofiqlashtirmoqda.

Oʻzbekiston fuqarolari, asosan, bolali ayollarning tunashi uchun sharoitlar yaratilmoqda, issiq koʻrpalar berilyapti, zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Polsha chegarasidan oʻtgan mamlakatimiz fuqarolarini Katovitsa shahri aeroportiga yetkazish uchun (oraliq masofa 340 kilometr) elchixona tomonidan 5 avtobus ijaraga olingan.

Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari “Karchova” nazorat oʻtkazish posti va Katovitse aeroportida doimiy boʻlib turibdi. Diplomatlar fuqarolarimizning muammolarini hal etib, ularni aeroportda bir joyga jamlanishini tashkil qilmoqda. Barcha evakuatsiya qilinadigan yurtdoshlarimiz uchun aeroportda issiq ovqat tashkil qilindi.

Oʻzbekistonning Varshavadagi elchixonasida tashkil etilgan tezkor shtab tunu-kun faoliyat koʻrsatmoqda. Shtabga diplomatlardan tashqari diaspora vakillari ham jalb etildi.

Fuqarolarimizni Polshadan Oʻzbekistonga yetkazish uchun “Uzbekistan Airways” AJ maxsus samolyoti parvozini tashkil etish masalasi ishlab chiqildi. Birinchi samolyot Oʻzbekistondan 28-fevral kuni erta tongda parvoz qilgan.

Polshadagi mamlakatimiz elchixonasi konsullik boʻlimi tomonidan turli sabablarga koʻra, shaxsiy hujjatlarini yoʻqotgan 30 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarosiga Vatanga qaytishga sertifikatlar berildi.

Elchixonaning Polsha tashqi ishlar vazirligi murojaatiga binoan, ushbu mamlakat hukumati Vatanga qaytayotgan oʻzbekistonliklar uchun PSR-test sertifikati, shuningdek, Polshaga kirish vizasini roʻyxatdan oʻtkazish talabini vaqtincha bekor qildi.

Shu bilan birga Polsha tomoni chegara punktlarida zarur tartib qoidalarni toʻgʻri tushunishni va chet el fuqarolarini imkon qadar tezroq oʻz yurtiga joʻnatish ishlarini taʼminlashni soʻramoqda.

Yurtdoshlarimiz oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasida tashkil etilgan tezkor shtabning quyidagi koordinatorlariga murojaat qilishi mumkin:

Maʼruf Karimov (“Karchova” NOʻP) – tel. +48 508 064 333; telegram: +99893 5947557;

Asqar Beknazarov (Katovitse shahri aeroporti) – tel. +48 508 995 888; telegram: +99890 1160084;

Sardor Ahmatov (elchixona) – tel. +48 502 501 588; telegram: +99894 6541010.