O‘zbekistonning qulay sarmoyaviy muhiti Tataristonda taqdim etildi

    O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 200 million AQSH dollaridan oshgani qayd etilgani barobarida Tatariston bilan barcha jabhalarda hamkorlikning yana-da chuqurlashishiga umid bildirildi.

    O‘zbekiston Bosh konsulligi xodimlari Tatariston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan «Tatariston tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish» mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar.

    Unda Bosh konsul Faxriddin Nasriyev «O‘zbekiston Respublikasining Tatariston Respublikasi bilan savdo aloqalari» mavzusida maʼruza qildi. Diplomat o‘z chiqishida O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyoz hamda preferensiyalar haqida atroflicha to‘xtaldi.

    So‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri milliy iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun barcha zarur shart-sharoitlar ekanligigaa alohida eʼtibor qaratildi.

    Bosh konsul, shuningdek, Rossiya O‘zbekistonning muhim va ishonchli hamkori ekani, o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanayotganini taʼkidladi.

    O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 200 million AQSH dollaridan oshgani qayd etilgani barobarida Tatariston bilan barcha jabhalarda hamkorlikning yana-da chuqurlashishiga umid bildirildi.