O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

    27 sentabr – “Butunjahon turizm kuni”da O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirishga va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan qator shaxslarni “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Kurmanov ham “Turizm fidoyisi” mukofoti bilan tantanali ravishda taqdirlandi.

    “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan taʼsis etilgan hamda har yili davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari va chet eldagi vatandoshlar xizmatlari, faol targ‘ibot ishlari uchun mukofotlanadi.

    Alisher Kurmanov 2018–2019-yillarda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi sifatida professional faoliyat yuritib, xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, 2019–2025-yillarga mo‘ljallangan Turizmni rivojlantirish strategiyasini to‘laqonli bajarish yo‘lida turli vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi hamda mamlakatimizda turizm sohasiga oid murakkab muammolarni hal qilishda tizimli ravishda ko‘mak ko‘rsatdi.

    A.Kurmanov O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi sifatidagi faoliyati doirasida ikki tomonlama iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda davlatlararo hamkorlik, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.

    2020-yil iyun oyidan boshlab Kiyev-Toshkent-Kiyev yo‘nalishida Ukrainaning «UIA» va «SKYAP» aviakompaniyalari muntazam reyslarining yo‘lga qo‘yilishi, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini turoperatorlar va mutaxassislar orasida targ‘ib qilish bo‘yicha o‘tkazilgan seminarlar, konferensiyalar, "O‘zbekiston - sivilizatsiyalar chorrahasi", "Ziyorat turizmini rivojlantirish" kabi tadbirlar doirasida yurtimizga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshirilishi shular jumlasidandir.

    Muntazam ravishda B2B formatida O‘zbekiston va Ukrainaning eng yirik turoperatorlari ("Pan Ukraina", «TPG», «AkkordTour», "Visa Senter", "Kiyev aʼlo dam olish klubi") bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, Ukraina musulmonlari diasporasi orasida "ziyorat turizmi"ni ommalashtirish uchun Ukraina musulmonlari diniy boshqarmasi bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, akademik sohada, shu jumladan "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universiteti bilan turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha kengaytirilgan aloqalarning O‘zbekiston turizmi rivojidagi hissasi beqiyosdir.

    Taʼkidlash joizki, Ukrainaning yetakchi nashrlarida chop etilgan, mamlakatmiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqolalar va intervyular O‘zbekiston tarixi va boy madaniy merosiga oid dasturlar sayyohlar oqimini kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Shu munosabat bilan, Turizm va sport vazirligi Alisher Kurmanovni salmoqli mehnati uchun munosib mukofot bilan tabriklaydi va yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaydi.