Ushbu tadbir «Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda raqamli va intellektual texnologiyalardan foydalanish» mavzusiga bag‘ishlandi. U Xitoy, Malayziya, Misr hamda BMTning «BMT-Ayollar» va YuNFPA tuzilmalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda BMTga a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, jumladan, Xitoy delegatsiyasi rahbari, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Bolalar va ayollar ishlari bo‘yicha milliy ishchi qo‘mita raisining o‘rinbosari Lin I, Malayziyaning BMTdagi doimiy vakili doktor Ahmad Faysal Muhammad, Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha milliy kengash a’zosi, Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Afrika alyansi rahbari doktor Amani Asfur tabrik so‘zlari bilan chiqish qildi.

Qo‘shma tadbir ishida «BMT-Ayollar» tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) ijrochi direktori o‘rinbosari Diena Keyta ishtirok etdi.

Asosiy sessiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ma'ruza qildi. U o‘z nutqida raqamli transformatsiya sharoitida gender tenglikni ilgari surish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi O‘zbekiston tajribasini taqdim etdi.

Xususan, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, ayollarning raqamli savodxonligini oshirish, ularning innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, raqamli zo‘ravonlik va kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan kompleks davlat siyosati amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston vakili algoritmik gender tarafkashligi, raqamli tengsizlik va onlayn makondagi zo‘ravonlik kabi raqamli davrning tahdidlariga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. Xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun samarali huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar ayollar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy xizmatlar sifatini yuksaltirish va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar va boshqa raqamli yechimlardan foydalanish borasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.


Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.