Oʻzbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish borasidagi harakatlari oʻz samarasini bermoqda

    “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish zarurati esa bir necha omillarda namoyon boʻladi. Shulardan eng asosiysi ekologik inqirozdir. ¬Binobarin, iqlim oʻzgarishi, choʻllanish, yer va suv resurslari kamayishi kabi muammolar butun dunyo uchun tahdid solyapti.

    Prezidentimiz shu yil 14-yanvarda BAAda boʻlib oʻtgan Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi sammitidagi nutqida “Yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi — ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir”, deya alohida taʼkidlagan edi. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta. Chunki bugungi kunda insoniyat oldida iqlim oʻzgarishi, tabiiy resurslar kamayishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi global ekologik muammolar turibdi. Ular, bir tarafdan, ekologik vaziyatni tobora yomonlashtirib borsa, ikkinchi tomondan, iqtisodiy rivojlanishni cheklab, inson salomatligiga tahdid solmoqda.

    Shunday vaziyatda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish zamon talabi sifatida koʻrilmoqda va bu eng toʻgʻri va oqilona yechimdir. “Yashil iqtisodiyot” tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilar miqdorini kamaytirish va uglerod chiqarishni kamaytirishni maqsad qilgan iqtisodiy tizimdir. U barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanib, ijtimoiy tenglik va iqtisodiy oʻsishni ekologik barqarorlik bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan.

    Shundan kelib chiqib, “yashil iqtisodiyot” inson hayoti, sogʻligʻi uchun zarur resurslarni, atrof-muhit hamda ekologiyani saqlagan holda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan bogʻliq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga asoslangan iqtisodiy faoliyatning yangi yoʻnalishi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish zarurati esa bir necha omillarda namoyon boʻladi. Shulardan eng asosiysi ekologik inqirozdir. Binobarin, iqlim oʻzgarishi, choʻllanish, yer va suv resurslari kamayishi kabi muammolar butun dunyo uchun tahdid solyapti. Ularning oldini olishga faqat barqaror, ekologik toza iqtisodiy faoliyat orqaligina erishiladi.

    Keyingisi tabiiy resurslar tanqisligi. Anʼanaviy energiya manbalari (neft, gaz, koʻmir) zaxiralari cheklangan. Ularning zaxirasi tugashi iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin. Shu bois, muqobil energiya, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish oʻta hayotiy zaruratga aylanmoqda.

    Global bozordagi raqobat ham navbatdagi sabablardan biri hisoblanadi. Yaʼni hozir rivojlangan davlatlar “yashil” texnologiyalarga katta investitsiya yoʻnaltirmoqda. Shunday ekan, global bozorda raqobatbardosh boʻlish uchun harakatlarni jadallashtirish, ekologik sof mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va ragʻbatlantirish lozim.

    Navbatdagi omil uzoq muddatga moʻljallangan iqtisodiy barqarorlikka borib taqaladi. Chunki anʼanaviy iqtisodiyot modeli, asosan, qisqa muddatli foydaga asoslanadi. “Yashil iqtisodiyot” esa uzoq muddatli, barqaror rivojlanishni taʼminlaydi.

    Nihoyat, bu borada xalqaro majburiyatlar ham bor. Yaʼni mamlakatlar xalqaro ekologik konvensiyalar ishtirokchisi sifatida oʻz zimmasiga muayyan majburiyatlarni olgan. Ularni bajarish uchun “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish shart.

    Umuman olganda, bu borada global hamjamiyat, xususan, BMT tomonidan masalaga bevosita yoki bilvosita daxldor qator rezolyutsiyalar qabul qilingan boʻlib, ularning 9 tasida Oʻzbekiston tashabbuskor boʻlgani diqqatga sazovor.

    Xoʻsh, Oʻzbekiston “yashil” rivojlanish orqali iqtisodiy oʻsishga erishish, tarmoq va sohalarning “yashil” transformatsiyasini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini taʼminlash, umuman, global hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarish boʻyicha qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

    Eng avvalo, aytish kerakki, bizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun tarzda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilingan. Strategiyada qayta tiklanuvchi energiya ulushini koʻpaytirish, issiqxona gazlarini qisqartirish, sanoatda energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish va “yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash kabi muhim vazifalar belgilangan.

    Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan 2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish strategiyasi tasdiqlangan.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-dekabrdagi qarori bilan esa 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturi qabul qilindi.

    Ushbu dasturda issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foiz qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqarish quvvatini 15 GVt.ga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazish, sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foiz oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

    Yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foiz kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyasini joriy etish, respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish hamda hududlarda yangi 600 ta chiqindi toʻplash shoxobchasi tashkil etish chora-tadbirlari ham oʻrin olgan.

    Shu bilan birga, Sanoat tarmoqlarida “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha konsepsiya, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha harakatlar rejasi, 25 ta korxona va tashkilotda ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sigʻimi koʻrsatkichini 2026-yilga kelib 2022-yildagidan 20 foiz kamaytirishga qaratilgan 2022-2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari tasdiqlangan. Bular pirovardida soʻnggi yillarda qariyb 4 GVt.lik muqobil quvvatlar ishga tushirilishiga, elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetishiga asos yaratdi. Sanoatda “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari oʻrnatilgan xonadonlar soni 60 mingdan oshdi. Bu esa “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish borasidagi saʼy-harakatlar jadal kechayotganidan dalolat beradi.

    Bu boradagi islohotlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida izchil davom ettirilmoqda.

    Dasturga muvofiq, 2025-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan bosqichma-bosqich 200 million yevrogacha, Jahon bankidan energetika sektorida metan emissiyasini kamaytirish uchun 10 million dollar, Global yashil oʻsish instituti orqali Koreya xalqaro hamkorlik agentligi texnik koʻmagi doirasida Oʻzbekiston — Janubiy Koreya oʻrtasida “yashil hamkorlik”ni kuchaytirish uchun 6,5 million dollar jalb etiladi.

    Shuningdek, Jahon bankining iCRAFT loyihasi doirasida qisqartirilgan 500 ming tonna issiqxona gazi sotish hisobiga 7,5 million dollar, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan sanoatni yashillashtirish va azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning atmosferaga chiqarayotgan zararli gazlarini qisqartirish uchun 20 million yevro miqdoridagi “yashil” va kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozli kredit va grant mablagʻlari jalb etiladi.

    Korxonalar faoliyati (2025-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ) “ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv” (ESG) tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilib, tegishli sertifikat olinishiga erishiladi.

    Tajriba-sinov tariqasida Samarqand va Fargʻona viloyatlarida ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalari tashkil etiladi. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlari ragʻbatlantiriladi.

    Bundan tashqari, shakllantiriladigan investitsiya dasturlari, tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar tarkibida “yashil” komponentlar ulushi oshirib boriladi. Xususan, 2025-yildan boshlab 15 foizga, 2027-yilda 30 foizga va 2030-yilda 55 foizga yetkaziladi.

    Bular mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarish, metan emissiyasini qisqartirishga olib keladi, mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni va aholi salomatligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish — zamon talabi. U nafaqat tabiatni asrash, balki barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, aholi turmush darajasini oshirish va kelajak avlod uchun sogʻlom muhit yaratish imkonini beradi. Bu yoʻnalishda kechayotgan keng koʻlamli, puxta oʻylangan strategik islohotlar, har bir harakat yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun qoʻyilayotgan dadil odimdir.

    Odiljon MAMADALIYEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati