Odamiylik hikoyasi
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Tezguzar qishlogʻida Zaynish buvining xonadoni doim mehmonlar bilan gavjum. Urush davrining talafotlari bois, oʻz yurtidan, ota-onasi va jigarlaridan ayrilib, Oʻzbekistonning oddiygina qishloq xonadonida murgʻak qalbi mehr-muhabbat ardogʻida voyaga yetgan polyak qizning taqdiri, boshidan oʻtkazganlari koʻpchilikni befarq qoldirmaydi.
Onaxon bilan suhbatlashsangiz, shu muqaddas diyorda yashayotganingiz, oʻzbekligingizdan faxrlanib ketasiz, shukronalar keltirasiz. Zaynish buvining oʻzbeklarning yaxshilikka toʻla haroratli qalbi haqidagi soʻzlari tarix sahifalariga yozib qoldirgulik odamiylik hikoyasi ekanligiga amin boʻlasiz.
Tezguzarda Zaynish buvining uyi qaysi, deb soʻrasangiz, taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolib, tili, dini, milliy urf-odat va anʼanalari bolajon oʻzbek ayollaridan umuman farq qilmaydigan samimiy, mehribon, ziyoli onaxon istiqomat qilayotgan fayzli xonadonni qishloq ahli mamnuniyat bilan sizga koʻrsatadi.
Janna Puzevich — Zaynish Joʻrayeva
Buxoro viloyati arxivlari va Toshkent shahridagi Markaziy davlat arxivlaridan Buxoro davlat universiteti tarixi, uning ilk qaldirgʻoch talabalari haqida topgan maʼlumotlarimiz bizni Tezguzar qishlogʻiga boshlab bordi. Buxoro davlat pedagogika instituti tarixiga doir suratlarni topdik. Surat ostida “BDPI aʼlochi bitiruvchilari: Zaynish Joʻrayeva va Saodat Halimova, 1956-yil” degan yozuv bor edi. Bu suratni oʻzimiz chop ettirgan “Suratlarda BuxDU tarixi” nomli kitobimizga ham kiritdik.
2017-yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasining yurtimizdagi barcha viloyatlarda universitetlar huzurida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilishi koʻzda tutilgan qarori eʼlon qilindi.
Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi”ni tashkil etish vazifasi menga topshirildi. Bu masʼuliyatli ishni viloyatlar kesimida birinchi boʻlib bajarganim, yaʼni 2018-yil 18-mayda mazkur muzeyning ochishga muyassar boʻlganim koʻnglimni gʻurur-iftixorga toʻldiradi. Xizmat vazifam doirasida oʻz yurtidan deportatsiya qilingan turli millatlar haqida maʼlumot yigʻar ekanman, evakuatsiya qilinganlar roʻyxatida polyak millatiga mansub Janna Puzevich (Zaynish Joʻrayeva) nomiga yana duch keldim. Oʻsha vaqtga qadar hali bu insonning taqdirida nimalar kechgani haqida maʼlumotga ega emas edim.
Polyakcha ismga ohangdor oʻzbekcha ism
Izlanishlarimiz jarayonida professor Sh.Pirimqulovning “Surgun qilingan polyak fuqarolari Oʻzbekistonda” nomli monografiyasidagi quyidagi maʼlumotlar diqqatimizni tortdi: “1942-1946-yillarda bir qancha polyak bolalari Buxoro viloyatidagi mahalliy aholi oilalariga tarbiyalash uchun berildi, ular borgan joylarida gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrdi. Ular orasida Danuta Shubert, Janna Puzevich, Yuzef Markevich, Sabina hamda Vladislav Kisel va boshqalar bor edi. Keyinchalik ulardan bir qismining hayot yoʻllari umrbod oʻzbek zamini bilan bogʻlanib qoldi. Masalan, Janna Puzevich Buxoro viloyati Shofirkon tumanining Tezguzar qishlogʻida yashovchi Sharof ota va Muazzam ona Joʻrayevlar oilasi tomonidan farzandlikka olinib, yangicha ismi va ota-onasining familiyasi bilan roʻyxatga olingan. Jannani oʻz polyakcha ismiga ohangdor boʻlgan yangi ism bilan Zaynish deb atashdi. Shu tariqa polyak qizi Janna Puzevich — oʻzbek qizi Zaynish Sharofovna Joʻrayevaga aylandi. Urushdan keyin u oʻzbek maktabini tugatib, institutga oʻqishga kirdi va uni bitirgach, Tezguzar qishlogʻidagi maktabga direktor boʻldi. Zaynish opa shu maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan Hasan ismli oʻzbek yigitiga turmushga chiqdi, bu baxtli nikohdan yetti farzand tugʻildi”.
Tarixiy faktlarga murojaat
1941-1945-yilarda Buxoro viloyatiga olib kelingan polyak fuqarolariga uy-joy berilgan, ish bilan taʼminlangan va har tomonlama ijtimoiy himoyaga olingan. Maʼlumotlarga koʻra, evakuatsiya qilingan polyaklar soni Buxoro shahrida 3183 kishi, jumladan, Karmanada (hozirgi Navoiy) 72, Kogonda 284, Shofirkon va Romitan tumanlarida 40-70, Jondor tumanida esa 14 kishi boʻlgan.
Qorakoʻl va Peshku tumanlarida ham polyaklarning yashagani, hatto ularning qabristoni ham boʻlganini mahalliy aholi orasidan yoshi ulugʻlar tasdiqlaydi. Manbalar 1945-yilda Oʻzbekistonning 7 viloyatida 16 yoshgacha boʻlgan polyak bolalari soni 5389 kishiga yetganini koʻrsatadi. Shundan 1063 nafari Buxoro viloyatiga toʻgʻri keladi. Mahalliy hokimiyat tashkilotlari yordami bilan Polsha elchixonasi vakillari tomonidan joylarda birmuncha ishlar amalga oshiriladi: 1942-yilda Buxoroda ham polyak maktablari ochiladi. Unda 210 nafar oʻquvchi taʼlim olgan va 36 nafar polyak oʻqituvchisi dars bergan.
2018-yilning oktyabr oyida men Polshada xizmat safarida boʻldim. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Sharq masalalari boʻlimi xodimlari bilan uchrashuvda ham oʻzbek xalqining II Jahon urushi yillarida polyak xalqiga koʻrsatgan beminnat xizmatlari haqida gapirib berdim. Jumladan, urush yillarida Buxoro viloyatida polyak bolalar uylari tashkil etilgani ham ularni juda qiziqtirdi.
Arxiv maʼlumotlariga nazar
Arxiv maʼlumotlariga koʻra, Buxoro shahridagi 5-bolalar uyida 90 nafar, 23-bolalar uyida 53, Romitan tumanida 40, Vobkentda 58, Gʻijduvonda 44 nafar polyak bolalari boshpana topgan. Oʻsha vaqtda Buxoro viloyatiga qarashli boʻlgan Karmana shahridagi 16-bolalar uyini tashkil etish uchun bir vaqtlar Buxoro amiri Said Abdulahadxon qurdirgan muhtasham binolardan biri ajratildi. Dastlab bu yerda 40, 1943-yildan boshlab 135 nafar polyak bolalari barcha qulayliklarga ega boʻlib yashagan.
Tabiiyki, Polsha elchixonasi vakillari polyak qizi Zaynish Joʻrayevaning taqdiri bilan ham qattiq qiziqdi.
2023-yilda Polsha hukumatining yangi bir xayrli loyihasi doirasida ishlar boshlangani munosabati bilan yana Zaynish Joʻrayevani yodga oldim va izlashga tushdim. Shofirkon tumani hokimligi mutasaddilariga qahramonimiz haqida soʻz ochsam, ular u kishini yaxshi bilishini aytib, oʻgʻli Odil akaning telefon raqamini berdi.
Kelishilgan kunda Tezguzar qishlogʻi sari yoʻl oldik. Bizni iliq kutib olgan uy egalari ancha hujjat va suratlarni jamlab qoʻygan ekan. Qimmatli maʼlumotlarni oʻrganar ekanmiz, 92 yoshli Zaynish aya ochiq chehra bilan quchoq ochib biz tomon keldi. Va nihoyat, men Zaynish ayani birinchi marta koʻrishga muyassar boʻldim.
Xushchaqchaq aya barcha savollarimizga puxta javob berib, biz bilan hazillashib ham qoʻyar, yoshlik xotiralarini qayta koʻz oldiga keltirib dam oʻychan, dam xursand boʻlib ketar, soʻzining orasida “Xudoga shukr”, deb qoʻyishni kanda qilmas edi.
Zaynish aya kundaligidan
Zaynish aya chiroyli husnixat bilan toʻldirilgan kundaligini menga uzatdi. Kundalik “Men, Zaynish Joʻrayeva 1931-yil 19-sentyabrda Ukrainaning Xarkov oblastiga qarashli Izyum shahrida tugʻilganman. 1942-yilga qadar ota-onam tarbiyasida boʻlib, Izyum shahrida yashaganman”, deb boshlanadi.
10 yashar qizaloq Janna opasi Taisiya bilan 1941-yil kuzida fashistlar bombardimonidan omon qolib poyezdda front ortidagi quyoshli Oʻzbekistonga joʻnatiladi. “Urush boshlanishi bilan otam koʻngilli boʻlib frontga joʻnab ketdi. Onam 5 bolani boqishga kuchi yetmaganidan meni va opam Taisiyani bolalar uyiga topshirdi. Bizlarni bolalar uyidan front ortiga joʻnatishganda onam va aka-ukalarimning taqdiri haqida hech narsa maʼlum emas edi”, deb ogʻir xoʻrsinib qoʻydi aya.
Poyezdda necha bor ajalga chap berib, bir necha hafta yoʻl bosib, och, yupun kiyingan opa-singillar Qiziltepa (hozirgi Navoiy viloyati) stansiyasiga yetib keladi. U yerdan ularni Doʻrmon (hozirgi Shofirkon tumani) bolalar uyiga keltirishadi. Zaynish aya oʻsha ogʻir kunlarni shunday eslaydi: “Poyezd uzoq yoʻl yurdi. Vagon tirqishidan samolyotlarning parvozi va tovushi yuraklarga dahshatli qoʻrquv solardi. Yosh bolalarning yigʻi-sigʻilari ham tinimsiz davom etar, bir necha kundan soʻng koʻzda yosh ham, tanda mador ham qolmadi. Va nihoyat, vagon eshiklari ochilib, barchani tushishga chaqirishdi. Kutib olish uchun chiqqan yoshu qari insonlar qoʻllaridagi meva, non va turli shirinliklar bilan bizni siyladi. Barcha bolalar biz tilini ham tushunmaydigan, chehrasi oʻta mehribon insonlar tomonidan birin-ketin yetaklab olib ketildi”.
Bolajon xalq
Bizning qahramonlarimiz ham Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan yuz minglab bolalardan biri edi. Bolajon oʻzbek xalqi bu goʻdaklarni millati, dini va tilidan qatʼi nazar, oʻz farzandi kabi bagʻriga oldi.
Kundalikni oʻqishda davom etamiz: “Meni chorva shirkatining raisi Joʻrayev Sharof ota va rafiqasi Muazzam aya uyiga olib ketdi. Opamni esa boshqa kishilar olib ketgan ekan”.
Muazzam ayaning oʻz farzandi boʻlmagani uchun jajji Zaynishni yeru koʻkka ishonmasdi. Uni tillarang sochlarini mayda oʻrib, doʻppi va atlas koʻylaklar kiydirib, oʻzbek qiziga aylantirdi. Yillar ham oqar suv kabi tez oʻtib ketdi.
Zaynish Shofirkondagi maktabni aʼlo baholarga tugatdi. Sharof ota intiluvchan qizining Buxoro shahridagi institutda oʻqish niyati borligini bilib, uni qoʻllab-quvvatladi. Zaynish 1953-1958-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutining “Oʻzbek tili va adabiyoti” ixtisosligini muvaffaqiyatli tugatdi.
Ota qizi oliy maʼlumotli diplom olgan kuni katta dasturxon yozib, qishloqqa osh berdi. Sharof ota va rafiqasi Muazzam ayaning shu qizaloq tufayli orzu-umidlari ushaldi. Ular bu foniy dunyoda bejiz yashamaganiga shukrona qilardi. Boqib olgan qizini oʻzbekona urf-odatlar bilan turmushga ham berdi. Qahramonimiz birin-ketin yetti farzandning sevimli onasi, mohir pedagog va rahbar boʻlib yetishdi. Biroq tugʻilib oʻsgan ona yurti, ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillarining taqdiri qanday kechgani haqidagi oʻy-xayollar uni hech tark etmasdi.
“Urush bizni dunyoning turli burchaklariga uloqtirdi”
1976-yil Zaynish opa otasi Kazimir Puzevichdan xat oladi. Xatda onasi Anna Yakovlevna va aka-ukalari ham hayot ekani yozilgan edi.
“Senga otang Kazimir Kazimirovich Puzevich maktub yozmoqda. Urush tugagandan soʻng bildimki, seni oʻzbek oilasi farzand qilib olgan ekan. Biroq sizlarning qayerda ekanligingizni hech kim ayta olmadi. Barcha umidlarim soʻnganiga qaramasdan, yana bir bor Izyum shahri ZAGSiga xat yozdim. Moʻjiza roʻy berdi! Ularning bergan javobiga koʻra, sen 1951-yilda pasport olish maqsadida oʻzingning yoʻqolgan tugʻilganlik haqidagi guvohnomangdan nusxa soʻragan ekansan. Shu tufayli seni topdim... Men sening otang, mening oldimda sening onang — Anna Yakovlevna. Qizalogʻim, urush bizlarni dunyoning turli burchaklariga toʻzgʻitib tashladi. Umid qilamanki, yaqinda hammamiz ona shahrimiz — Izyumda birga jam boʻlamiz. Sen haqdagi xabar yuraklarimizni parcha-parcha qilib yubordi...”
Xatda opasi Taisiyaning qayerdaligi ham soʻralgan edi. Shunda Zaynish opa poyezdda qattiq qoʻl ushlashib Doʻrmongacha birga kelgan opasini izlashga kirishdi. Tinib-tinchimas Sharof ota qishloq radiosi orqali eʼlonlar oʻqittirdi. Zaynish opa oʻz suratini joylagan, opasini izlayotgani haqidagi xabarlar mahalliy gazeta orqali tarqaldi. Kutilmaganda redaksiyaga javob xati keladi! Maʼlum boʻlishicha, 35 yil davomida Zaynish opasi Taisiya bilan bir-biridan bor-yoʻgʻi 10 chaqirim uzoqlikda yashagan... Ularning 35 yildan soʻng uchrashishi katta shov-shuv, bayramga aylanib ketgan ekan.
Uzoq ayriliqdan soʻng 1976-yilda jasoratli Zaynish opamiz ota-onasini koʻrish uchun Ukrainaga yoʻl oladi. Izyum shahri aeroportida qarindoshlari bilan yana diydor koʻrishish nasib etadi. Zaynish opa ota-onasidan oʻzining polyak millatiga mansub ekanligini bilib oladi. Otasi Kazimir Puzevichlarning bir necha avlodi Polshadan Xarkov oblastiga koʻchib kelib yashayotgan polyaklardan ekanini soʻzlab beradi.
Oʻzbek xalqiga cheksiz minnatdorlik
Keyinchalik Zaynish opaning otasi Kazimir Puzevich ham Shofirkonning Tezguzar qishlogʻiga mehmon boʻlib keladi. Ikki qizini farzand oʻrnida koʻrib, bagʻriga bosib katta qilgan oʻzbek xalqiga cheksiz minnatdorchiligini izhor qilib qaytadi. Aytishlaricha, yuragining bir parchasi boʻlgan har ikkala qizining baxtidan cheksiz xursand boʻlgan ota uzoq yashamadi.
Ikkinchi qahramonimiz Taisiya Kazimirovna Puzevich 1929-yil 25-mayda Xarkov oblastining Izyum shahrida tugʻilgan. 1941-yilning kuzida Taisiyani yana boshqa bir savobtalab oʻzbek oilasi farzandlikka oladi. Xullas, opa-singillar boshqa-boshqa oilalar farzandi boʻlib voyaga yetadi. Taisiya Puzevich Koʻli Odina qishlogʻidagi oʻrta maktabni bitirgach, kolxozga ishga kiradi va 1959-yilda Muzaffar Olimovga turmushga chiqadi.
Er-xotin toʻrt oʻgʻil va bir qizni voyaga yetkazadi. Elning hurmatini qozongan Taisiya opa 2014-yilda 85 yoshda vafot etgan ekan. Onaxon bugun oramizda boʻlmasa-da, u kishining farzandlari, nevara-evaralari butun bir qishloq boʻylab tarqalgan. Taisiya vatan tutgan Vobkent tumaniga qarashli Koʻli Odina qishlogʻi sari yoʻl oldik.
— Rahmatli onamning soʻzlariga qaraganda, — deb gap boshladi opaning oʻgʻli Karim aka, — ochlikdan shishib ketgan, sillasi qurigan eshelon-eshelon urush bolalari oʻzbek xonadonlarida quchoq ochib kutib olingan ekan. Yaqinlaridan ayrilgan, urush dahshatlaridan qoʻrqib qolgan yosh bolalarni, jumladan, mening onam, 12 yashar Taisiyani Akram bobo va Ochil buvi farzandlikka olgan. Bu oila uzoq yillar davomida tirnoqqa zor boʻlib yashab kelgan. Yosh Taisiyaga boʻlgan mehr kuchi boʻlsa kerak, Ochil buvi va Akram bobo keyinchalik bir etak farzand koʻrgan. Rahmatli onamiz Taisiya Kazimirovna 35 yillik ayriliqdan soʻng singlisi Janna — Zaynish Joʻrayeva bilan topishgan.
Soʻnggi soʻz
Har ikkala xonadonda boʻlganimizda ahil oila aʼzolarini, shukronalik hissi bilan yashayotgan, chehrasi yorugʻ insonlarni koʻrdik. Ikkala opa-singilning oʻzbek xalqiga nisbatan cheksiz minnatdorligi, shukronalik hissi ularning farzandlariga ham oʻtgan. Ayniqsa, bugungi kunda urush dahshatlarining tirik guvohi boʻlmish 92 yoshli Zaynish momoning hayot yoʻli, irodasi minglab yoshlarimiz uchun ibrat timsoli boʻlib kelmoqda.
Azalshoh HAMROYEV,
BuxDU tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori