Tarmoq rahbarlariga faqat va faqat raqamlashtirish orqali tannarxni tushirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, Buxorodagi “Janubiy Kemachi” konini raqamlashtirish hisobiga, yoʻqotish 3 foizga kamayib, yiliga 28 million kub metr qoʻshimcha gaz olinayapti.
Shu munosabat bilan “Oʻzbekneftgaz” AJga quduqlarni raqamlashtirishni toʻliq yakunlashga koʻrsatma berildi.
Barcha tarmoqlarda ham raqamlashtirish surʼati bir xil emasligi qayd etildi.
Masalan, “Oʻzbekkosmos” respublika boʻyicha 2 mingdan ziyod noqonuniy qazishlarni aniqlagan boʻlsada, hokimlik va masʼul idoralar tayyor raqamli maʼlumot asosida amaliy chora koʻrmagan.
Yoki, alkogol ishlab chiqaruvchi 59 ta korxonaning 42 tasida mahsulot hajmini onlayn oʻlchash tizimi ishlamayapti. Oqibatda, aksiz soligʻi yigʻiluvchanligi talab darajasida boʻlmayapti.
Shu kabi, issiq suvni qozonxonadan aholi xonadonlariga yetkazib berishda aniq hisob-kitob boʻlmagani uchun noreal qarzdorlik bilan bogʻliq muammolar mavjud.
Barcha tarmoqlar va ular tizimidagi kompaniyalar rahbarlariga kelgusi yilda raqamlashtirish hisobiga tannarxni kamida 10-15 foizga kamaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, kommunal sohada raqamli nazorat tizimini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Kelgusi yilda avia, temir yoʻl, avtobus, metroning harakatlanish yoʻnalishlari va grafigi toʻgʻrisida yagona tizimda onlayn axborot olish imkonini yaratish topshirildi.
Umuman, byudjetdan katta mablagʻ oluvchi vazirliklarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
Lekin, Sogʻliqni saqlash, Qishloq xoʻjaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklari, karantin va veterinariya idoralarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani tanqid qilindi.
“Raqamli sogʻliqni saqlash” loyihasini amalga oshirish, Onkologik bemorlarning elektron reyestrini tuzish, dala va bogʻlarda pestitsidlar cavdosi va qoʻllanilishi boʻyicha raqamli nazorat tizimini joriy qilish, gaz va benzin quyish shoxobchalarida, Jamoat ishlari va Bandlik jamgʻarmalari xarajatlari boʻyicha onlayn nazoratni yoʻlga qoʻyishdagi oqsoqliklar koʻrsatib oʻtildi.
Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida hujjatlarga apostil qoʻyish jarayonini raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.
Geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qoʻmitasi hamda Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarida yagona elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushmagan. Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimini yanada takomillashtirish kerakligi taʼkidlandi.
Barcha vazirlik, qoʻmita va hudud rahbarlari jiddiy xulosa qilib, oqsayotgan loyihalarni yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.