Xalqaro tajribada keng qo'llaniladigan CIMA (Chartered Institute of Management Accountants – Boshqaruv buxgalterlarini sertifikatsiyalash instituti) sertifikatsiyalash doirasida “Xo'jalik operatsiyalarini samarali boshqarish” o'quv kursi yakunlandi. Unda Iqtisod va rejalashtirish departamenti, MHXSni joriy qilish bo'limi, Buxgalteriya hisobi departamenti xodimlari ishtirok etishdi.
Ushbu o'quv kursi joriy yilning 14 noyabrida boshlangan edi. Ikki oy davom etgan o'quv kursida ishtirok etganlarga CIMA: P1 “Xo'jalik operatsiyalarini samarali boshqarish” kursi dasturini muvaffaqiyatli o'zlashtirganligi to'g'risida sertifikat taqdim etildi.
Mazkur o'quv kursida jamiyatning 17 nafar malakali mutaxassislari zamonaviy boshqarishga oid bilim va tajribalarga ega bo'lishdi.
Xususan, o'quv kursida resurslar cheklangan sharoitlarda qaysi mahsulotlarni ishlab chiqarish yuqori samara berishi, bir necha mahsulotlar ishlab chiqarilganda zararsizlik nuqtasini aniqlashga oid bilimlarini oshirishdi.
SHuningdek, AVS-costing, ya'ni korxonada bajariladigan har bir jarayon yoki funktsional ish kesimida mahsulot tannarxini hisoblash, Standart-costing, ya'ni mahsulotlar ishlab chiqarilishida xarajatlarni me'yorlash va chetlanishlar hisobi, korxona faoliyatini byudjetlashtirish va byudjet nazorati, prognozlash usullari hamda mavhum sharoitlarda qarorlar qabul qilish va riskni hisoblash kabi mavzular chuqur o'rganildi. Olingan bilimlarni “O'zbekneftgaz” AJ korxonalari amaliyotida qo'llash bo'yicha muhokamalar ham o'tkazildi.
O'quv kursida faol ishtirok etgan va yuqori natijalarga erishgan xodimlar “Profi Training” Biznes maktabining alohida sovrinlariga ega bo'lishdi.
Mazkur o'quv dasturi bo'yicha 2021 yilda ham “O'zbekneftgaz” AJ va uning korxonalari xodimlarini o'qitish davom ettiriladi.
“O'zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati