Ushbu uchrashuv Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minixonovning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi (joriy yilning 16-17-iyun kunlari), shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasining Tatariston Respublikasiga tashrifi davomida (2021-yil 23-26-iyun kunlari) belgilangan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida oʻtkazildi.
Unda neft ishlab chiqarish, neft-kimyo sohasidagi hamkorlik borasida muzokara oʻtkazildi.
Boshqaruv raisi “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislarining malakasini oshirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini yaratish va kichik tonnali gaz kimyosi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha imzolangan “Yoʻl xaritasi” doirasidagi masalalar muhokamasiga eʼtibor qaratdi.
Bundan tashqari, geologik-qidiruv, quduqlarni qayta ishlash, quduqlarni burgʻilash, kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarish masalalari ham muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, “Tatneft” kompaniyasi–neft va gaz qazib olish, neftni qayta ishlash, neft-kimyo, shinalar majmuasi, yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻi, energetika, ishlab chiqarish borasida nafaqat Rossiyadagi, balki jahondagi yirik neft kompaniyalaridan biridir.
Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad nafaqat kompaniyalar, balki butun mintaqa va mamlakat ishlab chiqarish sanoatida ijobiy natijalarga birgalikda erishish ekanligi bildirildi.
Kompaniyalarning masʼul mutaxassislari va “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Tatneft” kompaniyasi doimiy qoʻshma “Ishchi guruh”ining maslahatlashuvlaridan soʻng, birgalikda ishlash va oʻzaro manfaatli loyihalarning qamrab olgan kengaytirilgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.