Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtayotgan X yubiley Peterburg xalqaro gaz forumida 2011-yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinadi. Ushbu forum har yili jahon hamjamiyatining yetakchi vakillarini toʻplaydigan gaz sanoatining eng nufuzli biznes tadbirlaridan biridir.
Shuningdek, forum neft-gaz sohasidagi eng yirik xalqaro kongress va koʻrgazma loyihalarining TOP-5 ligiga kiritilgan.
Sankt-Peterburgdagi “EKSPOFORUM” kongress-koʻrgazma markazida oʻtayotgan bu yilgi forum xalqaro gaz bozorining rivojlanishi va gaz sanoati rivojlanishining global tendensiyalariga bagʻishlandi.
Forum doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshligidagi delegatsiyasi hamda “Gazprom” AJ, gaz sanoati uchun asbob-uskunalar va texnikalar ishlab chiqaruvchi “OMK” AJ va “TMK” AJ, gazni taqsimlash va gaz yetkazib berish borasidagi yirik tashkilotlardan biri boʻlgan “ODK” AJ biznes vakillari bilan bir qator muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuvlarda tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Delegatsiya aʼzolari bir qator ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarga ham tashrif buyurdi. Xususan, “InGAS Stream – Gaz tarmogʻidagi innovatsiyalar” xalqaro koʻrgazmasini va “Gaz motor yoqilgʻisi” koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishib chiqildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasining X yubiley Peterburg xalqaro gaz forumida ishtirok etishi, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston Respublikasi neft-gaz tarmogʻini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish imkonini berdi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, ushbu Forum doirasida 90 ta turli formatdagi tadbirlar oʻtkaziladi va konferensiyalarda oʻzaro muzokaralardan tashqari, aniq qarorlar, turli loyihalar borasida tomonlar oʻzaro kelishuvlarga erishadi.