“Oʻzbekneftgaz” AJ 2020-yil yakunlariga koʻra, yirik soliq toʻlovchilarning roʻyxatida toʻrtinchi oʻrinda qayd etildi. Shu munosabat bilan, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish faoliyatining uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ochiqlik, oshkoralik, raqobat, mutanosibligi tamoyillari va korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik asosida davlat xaridlari sohasida amaldagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilgan holda shartnomalar tuzilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat kooperatsiyasini yana-da rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori (elektron kooperatsion portal – cooperation.uz).

“Oʻzbekneftgaz” AJda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi “Neft-gaz tarmogʻining moliyaviy barqarorligini oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4664-son qaroriga muvofiq, “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etgan holda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ 2020-yilda shubhali xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan hech qanday bitimlar (shartnomalar) imzolamagan va Jamiyat hisob raqamlaridan ularga hech qanday mablagʻlar oʻtkazib berilmagan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ korxonalari “yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutada korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizomga muvofiq, korporativ bank kartalaridan foydalangan holda kichik moddiy-texnika resurslari, ofis materiallari sotib oladi (AV tomonidan 18.04.2005-yil 1470-son bilan roʻyxatga olingan).

“Oʻzbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan materiallar va uskunalar korporativ bank kartalari orqali Davlat soliq qoʻmitasi roʻyxatiga kiritilgan korxonalarning rasmiy chakana savdo doʻkonlaridan sotib olingan va tegishli kassa cheklari olingan va belgilangan tartibda kirim qilgan.

Oʻz navbatida, barcha soʻralgan maʼlumotlar soliq organlariga taqdim etildi, agar kerak boʻlsa, “Oʻzbekneftgaz” AJ davlat xizmatlari organlariga har qanday qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etishga tayyor.

“Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan mezonlarga muvofiq, “Oʻzbekneftgaz” AJ rasman “Ishonchli” korxonalar roʻyxatiga kiritilgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Davlat soliq qoʻmitasi “obnal firma”lar bilan “soxta” bitimlar tuzgan davlat aksiyalari boʻlgan 206 ta korxonalar roʻyxatini eʼlon qilgan edi. Ushbu roʻyxatga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzbekneftgaz”, “Turonbank”, “Ipak yoʻli bank” , “Trastbank”, “Ippodrom” va boshqalar kiritilgan boʻlib, ularning soni 200 dan ortiq.