“Oʻzbekneftgaz”: Jahon banki vakillari bilan muzokara oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 26 Sentabr 2022 1204

    Jahon bankining energetika boʻyicha biznes missiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining Birinchi oʻrinbosari B. Usmonov bank vakillari bilan uchrashdi.

    Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyuldagi PQ-3851-sonli “Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini isloh qilish boʻyicha uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek Jahon bankining tavsiyalari asosida neft-gaz sanoatini isloh qilish va oʻzgartirish ishlari jadal olib borilyapti.

    Uchrashuv davomida Jahon bankining energetika va gaz sektori mutaxassislari bilan Oʻzbekiston Respublikasida gaz sektorini isloh qilish va kam uglerodli vodorod ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” muhokama qilindi.

    Tomonlar shuningdek issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish uchun ilgʻor texnologik yechimlarni joriy etish boʻyicha dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.

    Shu bilan birga, Jahon banki energetiklari “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda yashil, quyosh va shamol energetikasi hamda vodorod ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni birgalikda oʻrganishni taklif qildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar yashil loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlarini birgalikda tahlil qilish boʻyicha hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilab oldilar, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.