Mamlakatimizda har jabhada olgʻa borayotgan, talay yutuqlarga erishayotgan koʻplab ilgʻor yoshlar kashf etilmoqda. Binobarin, yil nomlanishining oʻziyoq bu jarayonning yanada jadallashishi, farzandlarimiz hayotining tubdan oʻzgarishiga zamin yaratayotganidan darak bermoqda. Jamiyatda oʻz oʻrnini topayotgan, katta yutuqlarga erishayotgan oʻgʻil-qizlar koʻp. Yaratilayotgan sharoitlar ularni yanada ruhlantirayotgani, olgʻa odimlashga undayotgani shubhasiz.

— Hozir viloyatimizda mingdan ziyod yosh tadbirkor faoliyat yurityapti. Davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar ularning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashda katta ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Yoshlar ittifoqining Jizzax viloyati kengashi raisi Murodbek Rahmonberdiyev. — Sohani rivojlantirishga doir qonunchilik hujjatlarida belgilangan koʻplab imtiyozlar tufayli vohamiz yoshlari oʻz mahsulotlari bilan xorijga chiqayotgani kishini xursand qiladi.

Jizzaxlik Marjona Valiyeva respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi bitiruvchisi. Iqtidorli qiz oʻtgan yili Rim shahrida oʻtkazilgan yosh dizaynerlar tanlovida ishtirok etib, 30 nafar raqobatchisi orasida 1-oʻringa sazovor boʻldi. Bellashuvda Marjonaning “Oʻzbekiston tarixi” koʻrgazmasi namoyish etildi. Milliy matolardan tikilgan liboslar kolleksiyasiga hakamlar hayʼati “Oʻzbekiston ertagi” deya taʼrif berdi.

Eng muhimi, 30 davlat vakillari orasida birinchi boʻlish yosh dizaynerni yanada ruhlantirdi, oʻziga ishonchini oshirdi. Boshqa mamlakatlar vakillari bilan tanishib, doʻstlashdi. Ular bilan hozir ham muloqotda boʻlib, oʻrganganlarini shaxsiy atelyesida amaliyotda qoʻllaydi.

— Dizaynerlikka 5-sinfligimdan buyon qiziqqanman, — deydi Marjona Valiyeva. — Shu kungacha 20 dan ortiq shogird tayyorladim. Atelyemni ham oʻzim yuritaman. U yerda turli liboslar tikish bilan birga sohaga qiziqishi bor qizlarni oʻqitamiz. Yurtimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatdan foydalanib, kelajakda oʻz brendimni yaratib, mahsulotlarimizni dunyoga olib chiqish niyatim bor. Bu yil AQSHda boʻlib oʻtadigan modalar koʻrgazmasida faxrli oʻringa erishishni maqsad qilganman.

Dilnoza Eraliyeva asli tibbiyot xodimi. Yoshligidan hunarmandlikka qiziqadi. Gul yasashni 5-sinfligida onasidan oʻrgangan. Karantin payti uning uchun sermahsul palla boʻldi. Uch-toʻrt oy uyda oʻtirib, hunarini takomillashtirdi. Yangi yoʻnalishda ijod qila boshladi.

— Uyda bor xomashyolardan foydalanib, oʻyinchoqlar toʻqiy boshladim, — deydi hunarmand. — Hozir faqat buyurtma boʻyicha ishlayman. Koʻproq maktablarga koʻrgazma, xonalarni bezash uchun sotib olishadi. Buyurtmalarni Toshkent shahriga joʻnataman. Yasagan oʻyinchoqlarim 30 mingdan 250 ming soʻmgacha narxda sotiladi. Asosan, multfilm qahramonlarini yasayman.

Bir oyda oʻyinchoqlar xomashyosi uchun 400-500 ming soʻm sarflasam, 3 million soʻm foyda keltiradi. Bitta qoʻgʻirchoqni shoshilinch ikki kunda, boʻlmasa, bemalol 4-5 kunda tayyorlayman. Bundan tashqari, bayramlarda guldastalar yasab sotuvga chiqaramiz. Viloyat “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻldim. U yerdagilar yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, koʻmaklashdi. Bularning bari menga katta yordam boʻldi. Endi mahsulotlarim uchun subsidiya ajratilib, bankda hisobraqam ochiladi.

Dilnoza birorta oʻyinchoqni yasashdan avval qiziqarli multfilm qahramonlari obrazini izlaydi. Ularning shaklu shamoyili asosida qoʻgʻirchoqlar tayyorlaydi. “Kelgusida oʻz brendimni yaratib, uni “Quvnoq qoʻgʻirchoqlar” deya nomlamoqchiman. Toki men yasagan yoqimtoy oʻyinchoqlar bolalarga xursandlik ulashsin. Hozir shuning ustida ishlayapman. Mahsulotlarni eksport qilish rejamizda bor.

Avvalo, Markaziy Osiyo miqyosida tanilishni niyat qilganmiz”, deydi hunarmand. Bugungi kunda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan koʻplab hunarmandlar mahsulotlarini koʻrgazmalar, hunarmandlik doʻkonlari, xorijiy savdo uylarida namoyish etish uchun sotuvga qoʻyadi. Natijada qiziqish bildirgan davlatlar vakillari bilan shartnomalar tuzish, mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati tugʻiladi. Dilnoza ham tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanib, milliy ertak qahramonlari qiyofasini aks ettiruvchi qoʻgʻirchoqlar tayyorlashga qatʼiy kirishgan.