Mamlakatimizning Rimdagi elchixonasi tomonidan “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston va Italiyaning terini qayta ishlash, charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish kompaniya va korxonalari vakillari ishtirokida videokonferensiya shaklida qator uchrashuvlar oʻtkazildi.
Tadbirlardan maqsad Oʻzbekiston charm va poyabzal mahsulotlarini Italiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga eksport hajmini koʻpaytirish, shu bilan birga “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Italiyaga charm-poyabzal mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish konsepsiyasini amalga oshirishga koʻmaklashishdan iborat boʻldi.
Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida Italiyaning “Antonio Cuture” va mamlakatimizning “Angren Charm Invest” kompaniyalari oʻrtasida aloqalar oʻrnatilib, eksport boʻyicha shartnoma imzolash masalasi ishlab chiqildi.
Muzokaralar natijasida joriy yil 8-fevralda “Antonio Cuture” va “Angren Charm Invest” kompaniyalari oʻrtasida xalqaro eksklyuziv eksport shartnomasi imzolandi.
Hujjatga koʻra, “Antonio Cuture” kompaniyasiga “Angren Charm Invest” korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan charm mahsulotlarini nafaqat Italiya, balki Yevropaning barcha davlatlari bozorlariga eksklyuziv ravishda eksport qilish huquqi taqdim etildi. Bundan tashqari, “Antonio Cuture” Oʻzbekiston mahsulotlarini Italiya va Yevropa bozorlarida reklama qiladi, shu jumladan, xalqaro koʻrgazmalarda namoyish etish orqali ilgari suradi hamda “Angren Charm Invest” manfaatlarini himoya qiladi.
Shartnoma doirasida oʻzbek mahsulotlarining eksporti Italiya va Yevropa bozorlariga 2021-yil mart-aprel oylaridan boshlanadi.
Shu bilan birga “Antonio Cuture” rahbariyati karantin cheklovlari tufayli kiritilgan taqiqlar bekor qilinganidan soʻng Oʻzbekistonga tashrif buyurib, “Angren Charm Invest” korxonasi bilan ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish hamda yangi investitsiyaviy loyiha ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazishni rejalashtirgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.