Dastlab Koreya Milliy sport universiteti Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya vakillari va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Unda Koreya Milliy sport universiteti Prezidenti janob Yongkyu Ahn va uning rafiqasi Kim Mira xonim, universitet dekani Xil Eun Bae, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Maxmudjon Boltabayev, universitet professori Bayek Mun Jong, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari OAV vakillari hamda yozgi olimpiya o‘yinlari chempionlari Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuridinovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilish, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, kelajakda o‘quv-mashg‘ulotlarni ilmiy asosda tashkil qilish va murabbiylar malakasini oshirish hamda talabalar va xodimlar almashinuvi kabi dolzarb masalalarda fikr-mulohazalar bildirildi. O‘z navbatida ikki tomon vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Koreya Milliy sport universiteti o‘rtasida xalqaro munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Tashrif yakunida faxrli mehmonlar universitet rahbariyati boshchiligida oliygoh hududidagi mavjud sport inshootlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.