AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov bu haqda maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytgacha tizim korxonalarida jami 1336 ta energiya tejovchi va muqobil energiya manbalari qurilmalari oʻrnatildi. Natijada 2022-yilning 8 oyida 1,2 mln. kVt.soatga teng elektr energiyasi va 62 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi, 140 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.

Hozirda, “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ tomonidan “Fargʻona IEM” AJda quvvati 1800-2000 kVt va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1200-1500 kVt boʻlgan quyosh foto elektr stansiyalarini qurish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

2022-yil yakuniga qadar tizimda jami quyosh fotoelektr stansiyalarining oʻrnatilgan quvvati 3300 kVtga yetkaziladi va natijada yiliga oʻrtacha 8 mln.kVt qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda qariyb 1,2 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Shuningdek, 2023-2024-yillarda issiqlik elektr stansiyalarning ichki hamda yondosh hududlaridagi boʻsh yer maydonlarida 30-40 MVt va undan yuqori quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha oʻrganishlar olib borilmoqda.

Unga koʻra, “Sirdaryo IES” AJda 40 MVtli, “Muborak IEM” AJda 30 MVtli, “Toʻraqoʻrgʻon IES” AJda 15 MVtli va “Tolimarjon IES” AJda 43 MVtli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi issiqlik elektr stansiyalarining oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun sarflanayotgan elektr energiyasini muqobil energiya manbalari hisobidan qoplash imkoniyatini yaratadi. Natijada yiliga oʻrtacha 200 mln. kVt.soat elektr energiyasi yoki 21,0 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.