Oʻzganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan shaxs qoʻlga olindi

    Jinoyatchi ushbu operatsiyani bajarish uchun "Ipoteka-Retail” mobil ilovasidan foydalangani maʼlum boʻldi.

    Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli X.X. ariza bilan murojaat qilib, oʻziga tegishli boʻlgan plastik kartasiga nomaʼlum shaxs tomonidan 15.000.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilib, aybdor shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.

    Oʻrganish davomida, ushbu jinoyatni Namangan viloyati, Namangan tumanida yashovchi 30 yoshli I.N. sodir etganligi aniqlandi. Unga koʻra, I.N. “Ipoteka-Retail” mobil ilovasi orqali X.X.ning nomiga 15.000.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirib, ushbu pullarni oʻzlashtirib olganligini maʼlum boʻldi. I.N.ga nisbatan Oʻz. Res. JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

    Qonunga muvofiq, I.N. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.