Ayniqsa Andijon, Namangan va Surxondaryoda ishlar tizimli tashkil qilinib, tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari qisqa fursatlarda hal qilib berilgani, albatta quvonarli hol.

Qayerda muhit yaxshi boʻlsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini toʻgʻri tushungan boʻlsa, oʻsha yerda ishlash uslubi, tadbirkorlarga munosabat oʻzgargan.

Aksincha, tadbirkor dardi bilan yashamagan, ular koʻtargan muammolarning ichiga kirmasdan, koʻmak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning oʻzi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin yoʻq va kelajakda ham shunday boʻladi.

Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari, amaldagi islohotlarimiz koʻzgusidir.

Shu bois, har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni oʻzlarining faoliyatiga baho deb bilishlari, bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, keskin oʻzgarishlar qilishlari zarur va shart.

Tashabbus koʻrsata olmaydigan, yangi-yangi gʻoyalarni koʻtarib chiqishga, oʻzgarish qilishga intilishi boʻlmagan rahbarlarga nisbatan juda qattiq talab va choralar boʻladi.

Shuningdek, Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

– Men sizlar tomoningizdan koʻtarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan toʻla xabardorman.

Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.

Birinchi yoʻnalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bogʻliq.

Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va koʻplab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam oʻsishi hisobiga qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ogʻir yuk boʻlib turganini koʻrsatmoqda.

Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishimiz talab etiladi.

Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari asosida qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi.

Bu mablagʻlar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Ikkinchidan, yuqoridagi mablagʻlarni jalb qilmoqchi boʻlgan bankning oʻzi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qoʻshimcha resurslar jalb qiladi.

Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion soʻmlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston bozorida ishlashga tayyor boʻlgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz.

Bu ham, oʻz navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak boʻlgan sogʻlom raqobat paydo boʻladi.

Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qatʼiy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – soʻmda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani oʻz murojaatlarida koʻtarganlar.

Shu bois, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.

Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablagʻlarni soʻmga oʻgirib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.

Loʻnda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qoʻshimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.

Toʻrtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablagʻlar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

Beshinchidan, joriy yil 1-oktyabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari oʻrtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga oʻtkazib beriladi.

Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili oʻrtacha 30-40 trillion soʻmlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qoʻshimcha resurslar shakllanadi.

Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Men oʻylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi.