Oʻzgidromet bu yil oktyabr oyida kutilayotgan ob-havo haqida maʼlumot berdi

    Yashil sayyora 1 Oktabr 2022 1515

    Bu yil oktyabr oyining birinchi besh kunligi quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi.

    Kuzning birinchi oyi - sentyabr ham oxiriga yetib kelmoqda. Koʻpincha qulay harorat foni bilan sentyabr oyi Oʻzbekistonda yozga oʻxshaydi. Bu yil ham xuddi shunday boʻldi. Respublika hududining katta qismida sentyabr oyida yomgʻir umuman yogʻmadi. Havo harorati 30-35° atrofida, ayrim kunlarda 37° gacha, janubda 39° gacha boʻldi. Faqat oyning oʻrtalarida sovuqning qisqa toʻlqini kuz kelganini eslatdi.

    Bu yil oktyabr oyining birinchi besh kunligi quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi, kunduz kunlari quyosh nurlari havoni 22-25° gacha isitadi. Faqat kechasi va ertalab havo harorati 10-13° gacha ancha salqin boʻladi. Keyinchalik oyning birinchi oʻn kunligi oxirigacha ob-havo sharoitida keskin oʻzgarishlar kutilmaydi.

    Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda hududning katta qismida harorat kechalari 8-13° iliqdan 0-5° iliqqacha, kunduz kunlari 18-23° iliqdan 10-15° iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab baʼzi joylarda 0-1° sovuqqacha boʻlishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomgʻir yogʻishi kutilmoqda.

    Umuman, harorat tartibiga koʻra, oktyabr oyi meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan 1-1,5° ga kam, yogʻingarchilik meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan koʻp boʻlishi kutilmoqda.

    Iqlimiy meʼyorlarga koʻra, Oʻzbekistonning Janubiy viloyatlarida yogʻingarchilik oktyabr oyida 3 kundan 5 kungacha, qolgan hududlarda esa 5 kundan 7 kungacha boʻlishi mumkin. Oktyabr oyida yogʻingarchilik asosan yomgʻir koʻrinishida boʻladi, ammo havoga keskin sovuq kuzatilishida yomgʻir qisqa muddatga qorga aylanishi istisno qilinmaydi.

    Tungi havo haroratining oʻrtacha yillik qiymati 6-11° ni tashkil etadi, lekin koʻpincha oktyabrda, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi.

    Oktyabr oyida kunduzgi harorat odatda 23-28° iliqdan 10-15° iliqqacha oʻzgarib turadi.

    Baʼzida haroratning yoki yogʻingarchilikning haqiqiy qiymatlari koʻp yillik davr qiymatlaridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.

    Masalan, Toshkentda meteorologik kuzatishlarning butun bir asrdan ortiq tarixi davomida ayrim yillarda oktyabr oyida maksimal havo harorati 33-36° ga yetgan. Oktyabr oyi haroratining mutlaq maksimumi 37,5° ni tashkil etadi, bunday harorat 1941-yilda kuzatilgan.

    Toshkent uchun oktyabr oyida minimal haroratning rekordi -11,2° sovuqni tashkil etadi, ammo bu juda uzoq vaqt oldin, oʻtgan asrning boshlarida boʻlgan. Oxirgi 20 yil ichida Toshkentda minimal harorat 1-2° sovuqdan pastga tushmadi.

    2015-yilning oktyabr oyida Toshkentda yogʻingarchilikning oktyabrdagi meʼyoridan 3,5 barobari, yaʼni 1 kunda bir oylik meʼyor (deyarli 25 mm) yogʻdi. Bu soʻnggi 20 yil ichida eng yogʻingarchilik koʻp boʻlgan oktyabr deb hisoblanadi. Lekin baʼzida esa, albatta juda kamdan-kam hollarda Toshkentda umuman yogʻingarchilik boʻlmagan. Oxirgi marta bunday holat 2020-yilning oktyabr oyida kuzatilgan.

    Bunday qiziqarli faktlarni meteorologik kuzatuv yilnomalarini oʻrganish orqali topish mumkin.