O'zbekistonda muqaddas qadamjolar va yodgorlikliklarga hurmatsizlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur chora parlamentning yuqori palatasi tomonidan ma'qullangan “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Senatorlarlarning ta'kidlashicha, amaldagi qonunchilikda xalqimizga xos milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, muqaddas   qadamjolarga, shuningdek ulug' davlat va jamoat arboblari xotirasini abadiylashtirish maqsadida mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy voqealarga, milliy qaxramonlarga bag'ishlab o'rnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik qilish uchun javobgarlikni belgilashda ayrim bo'shliqlar mavjud.

Yetkazilgan zarar kichik va katta bo'lmagan turlarga tavsiflanadi. Kichik zarar deganda BHMning 30 baravarigacha, katta bo'lmagan zarar deganda BHMning 30 baravaridan 100 baravarigacha bo'lgan miqdor tushuniladi. Senatorlarning fikricha, yangi qonun yodgorliklarga nisbatan hurmatsizlikning oldini olishga xizmat qiladi.

Eslatib o'tamizki, ilgariroq mamlakatda shu kabi bir necha holatlar qayd qilingandi. Xususan, ayrim yosh yigitlar yodgorliklarning ustiga chiqib olib, TikTok va Instagram uchun video suratga olishgan. Qolaversa, o'smirlar yodgorliklarga   shikast etkazishgan, toshda muhrlangan jamoat arboblari xotirasini   haqorat qilishgan.