– Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpi Osiyo qitʼasida yashamoqda.

Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning oʻzida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi, – dedi Prezidentimiz va bu borada yangi yondashuvlar:

– oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;

– ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish;

– Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishni taklif qildi.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ekologiya va iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal koʻklamzorlashtirish va ekotizimlar bogʻliqligini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.