Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi

    Hukumat 25 Noyabr 2024 2074

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, paxta va gʻalla hosildorligini oshirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbari yaqinda boʻlib oʻtgan parlament majlisidagi nutqida aholi soni koʻpayib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb vazifa ekanini taʼkidladi.

    Haqiqatan, yurtimiz aholisi yiliga qariyb 1 million nafarga oʻsib borayapti. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali taʼminlash mumkin.

    Taqdimotda qishloq xoʻjaligi vaziri shu boradagi rejalarni bayon etdi.

    Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtirish moʻljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.

    Xususan, aholiga birlamchi zarur boʻlgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam boʻladi.

    Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun boʻlib berilgan edi. Shuningdek, Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirish qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish oʻrni va daromad bilan taʼminlashda toʻgʻri yoʻl boʻlganini hayotning oʻzi koʻrsatdi. Shuningdek, bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻp yetishtirilib, ularning narxi keskin oshib ketmasligida muhim omil boʻldi.

    Endi bu ishlarning sifatini oshirib, ajratilgan yerlar va tomorqalardan unumli foydalanish, aholiga ilmiy va amaliy jihatdan koʻmaklashish zarur. Bundan tashqari, tumanlarning oʻzi qishloq xoʻjaligiga grant va texnik koʻmaklar jalb etishi, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllashi talab etiladi.

    Davlatimiz rahbari xorijiy tajribani oʻrganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.

    Oʻtgan yilgi qishda 9 ming gektar bogʻ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan edi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud boʻldi.

    Prezidentimiz bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini taʼminlaydi.

    Paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi.

    Davlatimiz rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini oʻrganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga oʻqitish muhimligini taʼkidladi. Zamonaviy paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda daraxtzorlar barpo etilmoqda. Shunday bogʻlar atrofi hamda dala chetlarida odamlarga manfaat keltiradigan ekinlar yetishtirish mumkinligi aytildi.

    Taqdimotda viloyat va tumanlarda qishloq xoʻjaligi sohasida boshqaruv tizimini isloh qilishga oid takliflar ham koʻrib chiqildi.