Taʼkidlanganidek, bu borada viloyatda oxirgi uch yilda bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Viloyat aholisi ehtiyojlarini ichki resurslar orqali toʻliq va sifatli taʼminlashga erishish maqsadida oʻtgan yillar davomida oziq-ovqat dasturi doirasida hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2017-2020-yillar davomida 3,1 trillion soʻmlik jami 978 ta loyiha amalga oshirildi.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizligini taʼminlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida 1,8 trillion soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratildi.

Joriy yilda viloyatda 23,9 ming gektar maydonga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi. Buning 6,3 ming gektari takroriy ekin maydonlari ekanligi ahamiyatlidir.

Namangan viloyati Hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qayd etishicha, bugungi kunda viloyatda aholi soni 2 million 834 ming nafarni tashkil etadi. Aholining me'yor boʻyicha isteʼmoli uchun kelgusi 6 oy davomida 39,7 ming tonna goʻsht, 21,0 ming tonna tovuq goʻshti, 10,1 ming tonna baliq, 74,6 ming tonna kartoshka, 13,9 ming tonna guruch, 128,6 ming tonna un, 15,6 ming tonna shakar, 12,9 ming tonna oʻsimlik yogʻ, 283,5 million dona tuxum, 9,5 ming tonna piyoz va 27,8 ming tonna sabzi mahsulotlari zaxirasini jamgʻarish talab etiladi.

Viloyatda bu yilgi qish-bahor mavsumida ichki bozorni asosiy turdagi mahsulotlar bilan kafolatli taʼminlash, narx-navolarni barqarorligini taʼminlash, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarini gʻamlash, saqlash va isteʼmolga yoʻnaltirish maqsadida viloyat hokimligi huzurida “Viloyat oziq-ovqat zaxira” jamgʻarmasi tashkil etilib, mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan dastlab 10 milliard soʻm oʻtkazib beriladi.

Jamgʻarmaning asosiy vazifasi, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda goʻsht, shakar, oʻsimlik yogʻi va guruch mahsulotlarini mahalliy va import qiluvchi korxonalar orqali xarid qilish, jamgʻarish va isteʼmolga yoʻnaltirishda reja asosida bir meʼyorda yetkazib berish choralari koʻrib boriladi.

Xususan, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan viloyatda goʻsht mahsulotlarini narxini barqaror saqlash maqsadida 500 bosh qoramol xarid qilinadi.

Bundan tashqari, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahsulotlar narxlarining barqarorligini taʼminlash maqsadida dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari uchun yetishtirilgan mahsulotlarini vositachisiz toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyatini yaratish maqsadida viloyatdagi 14 ta markaziy dehqon bozorlarida “Elga xizmat rastalari” tashkil etiladi.

Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan fuqarolarning qish-bahor oylari uchun oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi yaratish maqsadida oyliklariga qoʻshimcha ravishda pul mablagʻi ajratilishi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, aholi tomonidan oʻz xonadonlarida arzon va sifatli oziq-ovqat zaxirasini yaratishlarida amaliy yordam koʻrsatish maqsadida, har bir mahallada oziq-ovqat savdo doʻkonlari va kichik ekobozorlarni tashkil etish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqildi hamda tez fursatlarda qurilish ishlariga kirishiladi.