2020-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkiloti (Penal Reform International)ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, uning doirasida mamlakatimizdagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar vakillari, davlat organlari va tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining malakasini oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur treningda Xalqaro qamoqxonalar islohoti moliyaviy koʻmagida tayyorlangan Markaziy Osiyo davlatlarida sud-huquq ustuvorligini mustahkamlash loyihasi doirasida tayyorlangan uslubiyatning mazmun-mohiyati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va tuman sudlarining sudyalar hamda Ombudsman Kotibiyati xodimlari tanishtirildi.

Ushbu metodologiyada sudyalar uchun sud ishlarini yuritish amaliyotida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil choralarni qoʻllash masalalari oʻz aksini topgan. Ushbu qoʻllanmada qayd etilishicha ozodlikdan mahrum qilish — eng koʻp ishlatiladigan jazo turlaridan boʻlib, uni qoʻllash qator salbiy holatlarni, jumladan, mahkum oilasining moddiy ahvoliga, oilalarning parchalanishiga, shuningdek, shaxslarning jinoiy xatti-harakatlarga oid koʻnikmalarga ega boʻlishiga, jinoyatning takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish muayyan jazo turlari uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratilgan va bu orqali nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi ushbu islohotlar xato qilgan shaxsga yana bir bor imkoniyat berish orqali uni yana oilasi bagʻriga qaytarish, uning xulq-atvoridagi nuqsonlarni bartaraf etishga koʻmaklashish va jamiyatga moslashtirishga xizmat qilayotganini qayd etdi. Uning fikriga koʻra, zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etilgan bunday amaliyot jinoyat sodir etgan shaxsni maqsadli tarbiyalash va uning xulqini tuzatishda ijobiy natijalarga erishishni taʼminlaydi.

Xalqaro tadbir davomida ishtirokchilar sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil choralarni qoʻllash boʻyicha ishlab chiqilgan uslubiyat bilan tanishish bilan birga uni takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.