“Oʻzsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari fosh boʻldi

    U bank kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish orqali daromad koʻrish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.

    5-mart kuni “Oʻzsanoatqurilibank” Chilonzor filialining sobiq boshqaruvchisi lavozimida ishlagan Gʻ.Qga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Platina.uz sayti xabar beradi sud hujjati nusxasiga tayanib.

    U 2018-yildan 2021-yilga qadar ishlagan vaqtida bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish maqsadida bank mijozlariga noqonuniy yoʻllar bilan kredit mablagʻlari ajratishiliga rahnamolik qilgan.

    Shuningdek, filialdagi rahbarligi davrida kredit ajratilgan jamiyatlarga norasmiy ravishda taʼsischi boʻlib kirib, jamiyatlarning daromadlariga sherik boʻlish va bank kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish orqali daromad koʻrish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.

    Jumladan, Gʻ.Q. “CH.-M.Q” MCHJ rahbari A.A bilan tanishib qolib, unga istalgan miqdorda kredit ajratib berishi mumkinligini vaʼda qilgan.

    Shundan keyin ayblanuvchi Gʻ.Q. jabrlanuvchi F.U va uning qizi U.U.ning mulkini qoʻlga kiritish maqsadida, ularga tegishli uyni garovga qoʻydirishga erishgan va oʻz norasmiy rahnamoligidagi korxonaga 5 mlrd. soʻm kredit ajratgan.

    Gʻ.Q. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan “C.I.G.” MCHJ yordamida 12 oy muddatga 3 oy imtiyozli davr bilan 5 mlrd. soʻm ajratilgan kreditni maqsadsiz sarflab yuborib, bankka qaytarish choralarini koʻrmagan.

    Shuningdek, sobiq boshqaruvchi tomonidan kredit taʼminoti sifatida “H.T.G.P.” MCHJga tegishli Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumani hududida joylashgan xizmat koʻrsatish bino va inshootlari ham garovga qoʻyib yuborilgan.

    Hukmga koʻra, ayblanuvchi Gʻ.Q. JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

    Unga JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida uzil-kesil 2-yil 9 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9-yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Shuningdek, ayblanuvchidan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Chilonzor filiali foydasiga 2.9 milliard soʻm moddiy zarar undirilishi belgilandi.