Unda Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi, Bosh prokuratura, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek, “Oʻzstandart” agentligi, uning tarkibiy boʻlinmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar rahbariyati ishtirok etdi.

Idoraning joriy faoliyati va Respublikadagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasining holati tanqidiy koʻrib chiqildi. Mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillardan biri boʻlgan milliy qonunchilik zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq emasligi qayd etildi. Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va akkreditatsiya qilish milliy tizimining shaffofligi talab darajasida emasligi ham taʼkidlandi.

Agentlik rahbariyati va xodimlarining mahalliy eksportchi tadbirkorlarni amaliy qoʻllab-quvvatlash, xususan, xalqaro sertifikatlarni olishga koʻmaklashish masalalariga yetarli darajada jalb etilmaganligi qayd etildi. Bunday sertifikatlarning mavjudligi istiqbolli tashqi bozorlarga chiqish va eksport salohiyatini oshirish uchun zarur shartlardan biri hisoblanadi.

Muhokama chogʻida Agentlik rahbariyati tashkilot faoliyatidagi eng dolzarb masalalarni tilga oldi va ularni hal etish boʻyicha takliflarini bildirdi. Jumladan, “Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti” (Standartlar instituti) va “Oʻzbekiston ilmiy sinov va sifatni nazorat qilish markazi” DUK (Uztest) faoliyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqish bilan Agentlikning ijro etuvchi apparati tarkibini optimallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro standartlarning mahalliy korxonalar tomonidan tatbiq etilishining joriy holati, sinov laboratoriyalarining texnik holati va amaldagi meʼyoriy talablarni umumeʼtirof etilgan meʼyorlarga uygʻunlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobotlar tinglandi.

Masʼul rahbarlarga standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish, xususan, bir qator qonun hujjatlarini, yaʼni “Standartlashtirish toʻgʻrisida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”, “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”, shuningdek, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlarni qayta koʻrib chiqish va yangi tahrirda olib kirish ishlarini faollashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Mahsulotlarning texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash tizimini yaxshilash, jumladan, bojxona jarayonida texnik reglamentlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini joriy etish hamda xavf tahlili va tanlanma asosida ekspertiza oʻtkazish orqali mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinadigan jarayonlarni amaliyotga kiritish boʻyicha alohida koʻrsatmalar berildi.

Joriy yilda tadbirkorlar bilan manzilli ishlashga urgʻu berilishi taʼkidlandi – turli tarmoqlardagi 13,7 ming korxonada standartlarga rioya qilish va mahsulot sifatini taʼminlashni nazorat etish boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazish, 5 200ta yangi standartlarni joriy etish, 6 ming korxonada, shu jumladan, 437ta klaster turidagi korxonada mahsulot sifatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. 1 723ta milliy standartni va 12ta texnik reglamentni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohadagi 2 mingga yaqin mutaxassisning malakasini oshirish boʻyicha choralar qabul qilish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, YEI, YEOII, AQSH, XXR, BAA, Eron, Hindiston, Janubiy Koreya, Pokiston va Afgʻonistonga olib kirilayotgan tovarlarga qoʻllaniladigan amaldagi talablar va texnik cheklovlar toʻgʻrisida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarga atroflicha axborot berish boʻyicha bir qator tadbirlar rejalashtirilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Muhokama yakunida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha kelgusidagi tadbirlar belgilandi.