Taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan davrida “Oʻzsuvtaʼminot” AJga barcha manbalar orqali 33 544 ta murojaat kelib tushgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining halq qabulxonasi va virtual qabulxonasidan jami 4982 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 4233 tasi qanoatlantirilgan va ijobiy hal etilgan, 749 tasi oʻrganish jarayonida.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan 320 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 281 tasi koʻrib chikilgan, 39 tasi esa oʻrganish jarayonida. “Xotin-qizlarning muammolari boʻyicha ishonch telefoni” orqali 22 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 20 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan boʻlib, 2 tasi oʻrganish jarayonida. Koʻrsatilgan davr mobaynida aksiyadorlik jamiyatiga 41 ta deputat soʻrovi kelib tushgan va ularning barchasi oʻz vaqtida oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilib, javob xatlari yuborilgan.

Oliy Majlis Senatidan kelgan soʻrovlar soni 18 tani tashkil etib, shundan 17 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 1 tasi oʻrganish jarayonida. “Ombudsman” vakilidan 7 ta soʻrov kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan. Vazirlar Mahkamasi tomonidan jami 26 ta soʻrov yuborilgan boʻlib, ularning barchasi koʻrib chiqilgan. Boshqa vazirlik va idoralardan jami 75 ta murojaatlar kelib tushgan. Ulardan 62 tasi qonun doirasida koʻrib chiqilib, murojaatchilarga javob xatlari yuborilgan. 13 ta murojaat oʻrganish jarayonida. Shuningdek, Jamiyatga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar 37 tani tashkil etib, ulardan 34 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 3 tasi esa oʻrganish jarayonida.

Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyatining 24/7 rejimda faoliyat yuritib kelayotgan 1255 qisqa raqamli koll-markazi orqali 27 787 ta murojaat kelib tushgan. Joriy yilning birinchi choragida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali sohaga oid 229 ta tanqidiy-tahliliy material eʼlon qilingan boʻlib, ularning barchasiga rasmiy munosabatlar bildirilgan. Taʼkidlash joiz, murojaatlarning asosiy qismini markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti mavjud emasligi, yildan-yilga oʻtuvchi dasturlarning ijrosi, suv hisoblagichlari boʻyicha umumiy qarzdorlik, suv bosimi pastligi, elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq masalalar tashkil etadi.

Shu bilan birga, aholi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tizimidagi hududiy suv taʼminoti korxonalarining mutasaddilari ishtirokida joylarda 15 ga yaqin sayyor qabul va ochiq muloqotlar ham oʻtkazildi. Birgina misol: 28-mart kuni Buxoro viloyati Gʻijduvon va Kogon tumanlarida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida fuqarolardan jami 25 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 5 tasi joyida hal etildi, 3 tasi mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan hal etilishi belgilandi, 17 tasi hududiy suv taʼminoti korxonasi vakolati doirasida oʻrganib chiqilishi belgilandi va ularning ijrosi nazoratga olindi.

Qolaversa, hududiy suv taʼminoti korxonalari jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomi boʻlimlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida ular zarur texnika vositalari bilan jihozlandi.