Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 4H-1071 “Xonobod-Turkobod” avtomobil yoʻlining 0-7 km qismida yotqizilgan asfaltbeton qatlamlaridan olingan 73 ta namunalarning qalinligi loyiha va meʼyoriy hujjatlar talablariga mos emasligi, qoplama qalinligi kam ekanligi aniqlandi.
Bosh pudratchi tomonidan yoʻl qoplamasining qatlamlar qalinligi meʼyordan kam yotqizilganligi oqibatida jami 86 728 dollar miqdoridagi ish hajmi qoʻshib yozilganligi maʼlum boʻldi. Tekshirish davomida esa ushbu qoʻshib yozilgan ish hajmlari toʻliq bartaraf etilgan.
“Oʻzyoʻlinspeksiya”ning Yoʻl-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yoʻl sinov laboratoriya boshqarmasi masʼul xodimlari yotqizilgan asfaltbeton qatlamining qalinligi loyiha va meʼyoriy hujjatlar talablariga mos boʻlmasada, 2021-yilda ijobiy xulosa berib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazishgan.
Holat yuzasidan “Oʻzyoʻlinspeksiya”ning masʼul xodimlari va boshqalarning harakatlarida hokimiyat va mansab vakolatini suiisteʼmol qilish hamda mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligini inobatga olib, Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.