Olimlar Vashington shtatida Tinch okeanida taxminan 28 million yil avval yashagan, ilgari noma'lum bo'lgan turga mansub qadimiy tishli kit qoldiqlarini topdi. U zamonaviy delfinlarga xos xususiyatlar, jumladan, aksolokatsiya imkoniyatlarga ega bo'lgan.

Mazkur kashfiyot olimlarning tishli kitlar evolyutsiyasi haqidagi tushunchalarini sezilarli darajada kengaytirdi.

Olympicetus thalassodon deb nomlangan mazkur tur o'ziga xos anatomik xususiyatlarga ega bo'lgan: tish tuzilishi, bosh suyagining simmetrik xususiyatlari va burun teshiklari tuzilishi boshqa turlardan ajralib turgan.

Olimlarning fikriga ko'ra, birinchi kitsimonlar 50 million yil oldin hozirgi Yaqin Sharq yoki Janubiy Osiyo hududida paydo bo'lgan. Taxminan 30 million yil oldin kitsimonlarning ajdodlari ikki guruhga bo'lingan – mo'ylovli va tishli kitlar. Olimlar bu qanday sodir bo'lganini va bu guruhlarning birinchi vakillari qanday ko'rinishga ega bo'lganini aniq ayta olishmayapti, chunki mazkur kitlarining juda kam qoldiqlari topilgan.

Qadimgi tishli kitlarning ilgari noma'lum bo'lgan turi qoldiqlarining topilishi olimlarga ularning evolyutsiyasi haqida yangi ma'lumotlar olish imkonini berdi, deb xabar beradi tass.ru.