Joriy yilda bu borada Toshkent viloyatida ham bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Jami 18 ming gektar maydonda kartoshka etishtirish ko'zda tutilgan bo'lib, jumladan, 6 ming gektarda asosiy maydonda, 12 ming gektarda esa  g'alladan keyin takroriy ekin sifatida etishtirish rejalashtirilgan. Yil yakunida jami 533,3 ming tonna, xususan takroriy maydonlardan 244 ming tonna kartoshka hosilini olish mo'ljallangan. Agar bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan taqqoslansa, 59 foizga ko'pligi ma'lum bo'ladi.

YUqorida ta'kidlaganimizdek, pandemiya sharoitida ko'proq oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Kartoshkadan yuqori hosil olish uchun zarur choralar ko'rilgan. Masalan, takroriy maydonlarga ekiladigan kartoshka uchun jami 36,7 ming tonna urug'lik talab etilib, uning 29 ming tonnasi viloyatdagi fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi korxonalarida mavjud bo'lsa, qolgan qismi, ya'ni 7,7 ming tonnasi 3 ta importyor korxonalar (“SHUKRONA AFRO FAYZ” MCHJ, “BANANZA TRADE EXPORT” MCHJ va “BAXTIYOR IDEAL BIZNES” MCHJ) tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston va Gollandiya davlatlaridan etkazib beriladi. Buning uchun zarur bo'ladigan jami 192 mlrd so'mning  40 mlrd. so'mi bank kreditlari hisobidan qoplanishi ko'zda tutilgan.

– Bu yil kartoshkaning bir necha serhosil navlarini yaratishga muvaffaq bo'ldik, – deydi sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rustam Nizomov. – Bu pandemiya sharoitida aholinining “ikkinchi non”ga  bo'lgan ehtiyojini qondirishda asosiy omil hisoblanib, eksportga mo'ljallangan  navlar Toshkent viloyatining bir qator tumanlariga ekiladi.       

Ma'lumot o'rnida ta'kidlash lozimki, joriy yil Toshkent viloyatining g'alladan bo'shagan 102 ming gektar maydonlarida takroriy ekinlar, uning 12 ming gektariga esa  kartoshka ekish rejalashtirilgan.                   

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, g'alladan keyin O'rta CHirchiq tumanida eng ko'p maydonda kartoshka etishtiriladi. Jumladan,  2 ming gektardan 40437 tonna hosil olish mo'ljallangan.