Soʻnggi vaqtlarda yurtdoshlarimiz orasida kartoshka mavzusi “trend”da.
Mamlakatimizdagi dehqon bozorlarida ushbu mahsulot narxi keskin koʻtarilib, kundalik hayotda eng koʻp isteʼmol qilinadigan kartoshka yil boshidan buyon 37-85 foiz qimmatlashgani ijtimoiy tarmoqlarda ham turli muhokamalarga sabab boʻlyapti.
Vaziyat yurtimiz bozorlaridagi kartoshka narxiga taʼsir koʻrsatib, mahsulotning yanada qimmatlashiga olib keldi. Gap shundaki, mamlakatimizga import qilinadigan kartoshkaning katta qismi Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keladi. Statistika agentligi maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekistonga 703 ming tonna kartoshka import qilingan boʻlsa, shundan 74 foizdan koʻp qismi ushbu mamlakatdan kirib kelgan. Qoʻshni davlat oʻrnatgan cheklov esa yurtdoshlarimizda
“Kartoshka narxi hali-beri tushmasa kerak, zaxira ham tugashi mumkin” qabilida xavotir uygʻotdi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi avvalroq masala yuzasidan munosabat bildirib, yurtimizda ushbu mahsulot zaxirasi yetarli ekani va ichki bozorga chiqarib borilayotgani, narx barqarorligini saqlash uchun zarur choralar koʻrilayotganini maʼlum qilgan edi. Unga koʻra, mamlakatimizda kar
toshkaga yillik ehtiyoj 4 million tonnani tashkil etadi. Oʻtgan yili esa 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Shundan 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urugʻlik sifatida zaxira qilingan. Isteʼmol zaxirasi ham tayyorlangan. 2024-2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy ho
kimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari 245,5 ming tonna kartoshkani zaxiraga jamgʻargan. Yil boshidan yuzaga kelgan vaziyat sabab jamgʻarilgan mahsulotni bozorga chiqarish boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan hududlar kesimida tasdiqlangan jadval asosida har 10 kunda 15-25 ming tonnagacha mahsulot dehqon bozorlariga chiqarilishi koʻzda tutilgani keltirildi.
Vazirlik import masalasida ham xavotirga oʻrin yoʻqligi, bozorlarda mahsulot taqchilligi kuzatilmasligini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonga kartoshka importi faqat Qozogʻiston bilan cheklanmagan.
Pokiston, Qirgʻiziston va Afgʻonistondan kartoshka import qilish yoʻlga qoʻyilgan.
Joriy yil yanvar-may oylarida Eron va Pokistondan 100 ming tonnadan jami 200 ming
tonna kartoshka kirib keladi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatidagi dalalar va boshqa barcha viloyatlarda aprelda 70 ming tonna, may oyida 450 ming tonna kartoshka hosili yetishtirilib, ichki bozorga yoʻnaltirilishi hisobiga aholi talabi toʻliq taʼminlanadi.
NARXNI KOʻTARAYOTGAN OMILLAR
Ammo yangi hosil yetishtirilguncha hali bir necha oy bor. Dehqon bozorlaridagi hozirgi narx-navo esa kutilganidek pastlamadi. Qishloq xoʻjaligi vazirligining rasmiy munosabatida keltirilgan chora-tadbirlar narx barqarorligini ushlab turishga xizmat qilishi aytilganiga qaramay, oxirgi haftada dehqon bozorlarida kartoshka narxi yana koʻtarildi. Hududlarda bir kilogrammi 8-12 ming soʻmgacha sotilayotgan holatlar ham bor.
“Bir hafta oldin bir kilo kartoshkani 6 ming soʻmdan olgandik. Hozir oʻn ming soʻmdan oshib ketibdi. Bu narx oddiy, ishsiz odamlarga ancha ogʻirlik qiladi”, deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri. “Oʻn kun
avval 7,5 ming soʻmdan olib qoʻygandim. Yaxshi qilgan ekanman, narx yana ham koʻtarilib ketdi”, deydi boshqa bir yurtdoshimiz. Odamlar orasida buni ijobiy tomonga baholab, “Necha oy ter toʻkib mehnat qilgan dehqon ham foyda koʻrsinda”, deya izoh qoldirayotganlar bor. Toʻgʻri, bozordagi narx-navo tebranishi odatiy hol. Ammo narxlarning keskin oshishi ortida jiddiy sabablar turishi ham rost. Qolaversa, mahsulotning birdan bir necha barobar qimmatlashishi choʻntakka yaxshigina ziyon. Odamlarni esa bu holat qachongacha davom etishi, kartoshka narxi qachon tushishi qiziqtirmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi. Keltirilgan maʼlumotda “Holat yuzasidan olib borilgan monitoring natijalariga koʻra, bugungi kunda Toshkent shahridagi “Fud Citi” dehqon bozorida 1 kilogramm kartoshkaning oʻrtacha narxi 8,5 ming soʻmni tashkil etmoqda, barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming soʻm narxida sotilmoqda”, deyiladi.
Vazirlikning axborotida keltirilishicha, yanvardan yurtimiz bozorlarida kartoshka narxi qimmatlashishiga qator omillar sabab boʻlmoqda. Masalan, oʻtgan mavsumda takroriy ekin ekilgan maydondan yetarli hosil olinmadi. 2024-yil hosili uchun takroriy maydonda 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan, ammo noyabr-aprel davridagi ehtiyoj 1,7 million tonnani tashkil etadi. Olingan hosil esa talabning faqat 44 foizini qoplaydi. Qolaversa, takroriy ekish uchun urugʻlik, oʻgʻit, yonilgʻi va boshqa resurslar narxi qimmatlashgani kuzatildi. Buning ortidan oxirgi toʻrt yilda kartoshka narxi 173 foiz oshgan. Hisob-kitoblarga koʻra, 1 gektarga kartoshka ekish uchun 55-60 million soʻm sarflanyapti, bu boshqa ekinlarga nisbatan 2-2,5 barobar koʻp. Oʻtgan yildan boshlab suv soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi ham qoʻshilgani kartoshka tannarxiga taʼsir koʻrsatyapti. Dehqon va fermerlarning kartoshka ekish xarajati oshgan, bu esa bozordagi narx-navoda aks etyapti.
Ikkinchidan, xorijda, xususan, biz import qiladigan davlatlarda ham kartoshka narxi qimmatlagan. Bu ushbu mahsulotni yetishtirish bilan bogʻliq muammolar taʼsirida yuzaga kelgan. Masalan, Qozogʻistonda oʻtgan yili 2,9 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu boradagi koʻrsatkich 2023-yilga nisbatan 80 foiz kam. Buning taʼsirida bozordagi kartoshka narxi keskin koʻtarildi. Mamlakat, avvalo, ichki ehtiyojini qoplash va eksportni kamaytirish maqsadida uchinchi davlatlarga kartoshka yetkazib berishga cheklov oʻrnatgani sababi shunda.
Kartoshkaning katta qismini Qozogʻistondan import qilib kelganimizga qaramay, faqat bu davlatga bogʻlanib qolmaganmiz. Ayniqsa, hozirgi vaziyatda import boʻyicha yangi choralar koʻrilyapti. Jumladan, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Pokiston va Erondan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi. Jarayonga toʻsqinlik qiluvchi baʼzi masalalar, jumladan, transport muammosi hal etilmoqda. Xususan, korxonalarga qoʻshimcha temir yoʻl vagonlari ajratildi. Umuman, kartoshka narxini tushirish uchun qator amaliy ishlar qilinmoqda. Ichki bozordagi narx barqarorligini taʼminlash maqsadida 245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olinib, 9,9 ming tonna mahsulot sotuvga chiqarildi. Hozir arzonlashtirilgan yarmarkalarda bir kilo kartoshka 4-5 ming soʻmdan sotilyapti deyiladi rasmiy munosabatda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻiston chegarasida 10 ming tonna kartoshka ushlab turilgani haqida xabarlar ham tarqalgan edi. Gap shundaki, oʻzbekistonlik bir necha tadbirkorga tegishli kartoshka ortilgan vagonlar fitosanitar nazorat tartibiga muvofiq ikki davlat chegarasining Qozogʻiston hududida vaqtincha toʻxtatilgan. Tekshiruv jarayonida yuk hujjatlarida aniqlangan ayrim texnik kamchiliklar sababli mahsulotni qisqa muddat ushlab turish ehtiyoji vujudga kelgan. Bu yerda yuklarni ataylab yoki sunʼiy ravishda ushlab turish holati boʻlmagan. Texnik muammolar oʻrnatilgan tartibda toʻliq bartaraf etilib, mahsulot Toshkent shahridagi Chuqursoy saqlash punktiga yetkazilgan. Hozir tadbirkorlik subyektlariga tegishli kartoshka sotuvga chiqarilmoqda.
Koʻrilayotgan ana shunday choralar natijasida fevral-mart oylarida ichki bozordagi kartoshka narxi barqarorlashishi, aprel-mayda esa pasayishi kutilmoqda. Joriy yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekilishi koʻzda tutilgan. Aprel-may oylarida yangi hosil bozorga chiqariladi. Natijada kartoshka narxi pasayishiga erishiladi.
XORIJ URUGʻ VA NAVLARI ZARUR
Kartoshka yurtimizda eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan. Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 290 ming gektar maydonda kartoshka yetishtiriladi. Shunga qaramay, ehtiyojning bir qismi import qilingan mahsulot hisobiga qoplanyapti. Mahalliy mahsulotning chiqishi esa koʻpincha mavsumga bogʻliq.
Shunday paytda oʻylab qolasiz kishi: agrar tarmoq rivojlangan mamlakatimizda nega kartoshka navlari va hosildorlik yaxshi emas?! Vaholanki, dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy tus olayotgan hozirgi sharoitda bu dolzarb masalalardan biri. Joriy yil 30-yanvarida davlatimiz rahbari raisligida tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda ayni shu masala ham muhokama qilindi. Kartoshkachilikni rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilanib, zarur mablagʻ, qoʻshimcha imtiyozlar beriladigan boʻldi.
Tarmoqni rivojlantirish uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Endi chetdan olib kelinadigan urugʻlik kartoshka 3-yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. Import qilingan hamda mahalliy yetishtirilgan urugʻlik kartoshkani sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻining 50 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Umuman, Oʻzbekistonda 2027-yildan kartoshkaga ehtiyojni toʻliq ichki imkoniyat hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
Biroq bu oʻzidan oʻzi boʻladigan jarayon emas. Yaxshi hosil olish uchun, avvalo, hosildor navlar yaratish, hududlarga moslashtirish, kartoshka yetishtirishda zamonaviy usullarni qoʻllash lozim. Toʻgʻri, olimlar shu vaqtgacha ham doimiy izlanishda boʻlgan, qator navlar yaratilgan, ammo natija amaldagi samaradorlikda yaqqolroq koʻrinadi.
Moliyalashtirilmagan loyihalar esa samara bermasligi turgan gap. Endi tarmoqqa ajratilayotgan mablagʻ maqsadli yoʻnaltirilib, aniq vazifalarga xizmat qilishi kerak. Shu bois, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti oldiga iqlimga mos, serhosil navlar yaratish, “in vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganak yetishtirib, tarqatish vazifasi qoʻyildi.
Rustam NIZOMOV, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori:
— Kartoshka dunyo boʻyicha eng koʻp isteʼmol qilinadigan sabzavotlardan biri boʻlgani holda, inson organizmi uchun muhim oqsil, kraxmal, turli vitamin hamda mineral tuzlar manbaidir. Shu bois, kartoshka yetishtirish maydoniga koʻra jahonda bugʻdoy, sholi, makkajoʻxoridan keyingi oʻrinlarda turadi. Bu sabzavot, asosan, togʻli mintaqa oʻsimligi boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston sharoiti kartoshka yetishtirish uchun qulay joydir. Bir yarim asrdan ortiqroq vaqt davomida kartoshka mamlakatimizda oziq-ovqat mahsuloti sifatida yetishtirib kelinadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida kartoshka hosili aholi jon boshiga 16 kilogrammdan 23 kilogrammga koʻpaydi. Keyingi yillarda ham yurtimizdagi rivojlanish va aholi sonining ortishi hisobiga boshqa mahsulotlar kabi kartoshkaga talab oshib boryapti. Xususan, aholining yillik talabi 2016-yilda 3,4 million tonnani tashkil qilgan boʻlsa, 2023-yilda 3,9 million tonna, 2024-yilda esa 3,99 million tonnaga yetdi. Shunga yarasha mahsulot yetishtiriladigan maydonlar ham yildan yilga kengaytirib borilyapti.
Shu oʻrinda mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoiti kartoshka yetishtirishga mos boʻlsa-da, nega mahsulotning bir qismi hamon xorijiy mamlakatlardan import qilinyapti, degan savol tugʻiladi. Kartoshka yetishtirish uchun oziq moddalar, kimyoviy vositalar, yoqilgʻi narxi yuqoriligi natijasida mahalliy sabzavot tannarxi import narxiga nisbatan yuqori boʻlmoqda. Muammo nav va urugʻlik sifati masalasiga borib taqaladi. Olimlarimiz oldiga qoʻyilayotgan asosiy talab ham shu — kartoshkachilikni rivojlantirish, hosildor navlar yaratish, zamonaviy urugʻchilikni tashkil etishdan iborat.
Aholi talabi darajasidagi kartoshka yetishtirish, ichki ehtiyojni toʻliq qoplash uchun hosildorlikni oshirish ayni kundagi zarurat. Bu esa koʻplab omillarga bogʻliq. Asosiy omillardan biri hududlarning iqlim sharoitiga qarab, navni toʻgʻri tanlash va sifatli urugʻ ekishdir. Shuning oʻzi hosildorlikni 1,5-2 barobar oshiradi. Ammo sifatli urugʻlik kartoshka yetishtirish uchun, avvalo, urugʻchilik tizimini tashkil etish lozim. Sohaga xususiy sektorni jalb qilish, mahalliy seleksiyani zamonaviy tadqiqotlar asosida rivojlantirish kerak. Hududlarda biotexnologiya laboratoriyalarini koʻpaytirish, u yerda ishlaydigan malakali kadrlar tayyorlash zarurati bor.
Tarmoqdagi asosiy muammolar ham shulardan iborat boʻlgan. Yurtimizda kartoshka ekilgan, yetishtirilgan, lekin sifati va hosildorligi yetarli tadqiq qilinmagan. Natijada importga ehtiyoj saqlanib turibdi. Hatto yaqin yillargacha Oʻzbekistonda virusdan xoli boshlangʻich manba asosida yuqori sifatli kartoshka urugʻchiligini tizimli tashkil etish uchun Biotexnologiya (in vitro) laboratoriyalari yetishmagan. Bunday laboratoriyalarning dastlabkilari bundan bir necha yil oldin Toshkent va Samarqand viloyatlarida tashkil etilib, toʻliq zamonaviy jihozlandi. Hozir kartoshkaning virusdan xoli boshlangʻich manbasi sifatida in vitro oʻsimligi va mikrotuganaklar koʻpaytirilyapti. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidagi Biotexnologiya laboratoriyasida tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Yangi texnologiya asosida mahalliy sharoitda yetishtirilgan urugʻlar hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, tannarxi arzonligi, 3-4-yil davomida ketmaket yuqori hosil berishi, sifati kafolatlanishi, isteʼmolchilar talabiga mosligi va viruslardan xoli ekani bilan ustunlik qiladi.
Institut seleksioner olimlari bu borada doimiy izlanishda. Keyingi yillarda kartoshka seleksiyasi va urugʻchiligi boʻyicha tadqiqotlar yangi bosqichga chiqyapti. Hozir yurtimiz hududida ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xoʻjaligi ekinlari davlat reyestriga kiritilgan kartoshkaning 165 ga yaqin navi boʻlib, shundan 19 tasi mahalliy ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan. 2024-yilda kartoshkaning “Afsona”, “Joziba”, “Doʻstlik” navlari patentlash uchun rasmiylashtirildi. 70 ga yaqin nav kolleksiyasini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazildi.
Hozir qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda aholi tomorqasidan ham samarali foydalanilayotgani bozorlardagi toʻkinlikni taʼminlashga hissa qoʻshyapti. Bundan kartoshka yetishtirishda ham samarali foydalanish mumkin. Oʻtgan yili tajriba sifatida soha olimlari va shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Kartoshkaning olimlarimiz yetishtirgan yuqori hosilli “Oʻzbekiston qizili”, “Toshkent ertakisi” hamda boshqa navlari Yangiqoʻrgʻon va Gʻallaorol tumanlaridagi xonadonlarga yetkazib berildi. Jarayonda 10 tadan xonadon tanlab olinib, ularning 3 sotixdan yer maydoniga urugʻlik ekildi. Xonadon egalari bu navlarning bir tupidan oʻrtacha 1,645 kilogramm kartoshka olib, yuqori hosildorlikka erishdi. Bitta xonadon isteʼmol uchun oʻrtacha 2 tonna 200 kilogramm, urugʻlik uchun 180 kilogramm kartoshka yetishtirdi. Shu tariqa aholining oʻzi mahalliy urugʻliklarning xorijdan keltirilganlariga nisbatan har jihatdan afzal ekaniga amin boʻldi. Bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham davom ettirish rejalashtirilgan.
* * *
Mamlakatimizda har yili, har chorakda yoki har oy eksport qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari roʻyxatida kartoshkaga koʻzim tushmadi. Demak, diyorimizda yetishtiriladigan kartoshka faqat ichki isteʼmolga chiqariladi. Bu ham talabni toʻliq qoplamagani sababli bir qismi boshqa davlatlardan import qilinadi. Vaholanki, kartoshka yetishtirish qiyin boʻlgan, iqlim tanlaydigan mahsulot ham emas. Har holda, avvallari yurtimizdagi deyarli barcha xonadonlarda kartoshka yetishtirilar, oila ehtiyojini qoplaydigan hosil olinar edi.
Demak, kartoshkachilikni rivojlantirish orqali bozordagi narx-navo barqarorligini taʼminlash, ichki ehtiyojni toʻliq qondirish maqsad qilindi. Bu yoʻldagi harakatlar boshlangan. Ammo kartoshkani eksport qilish uchun ham imkoniyatimiz yetarli. Urugʻchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar ana shu imkoniyatlarga yoʻl ochadi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri