Davra suhbatida davlat tomonidan tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, pandemiya davrida qiyinchiliklarga uchragan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar va ularning ahamiyati, pandemiya davridan so'ng tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Ta'kidlash lozimki, pandemiya davrida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilindi.

Ushbu hujjatlar bilan tadbirkorlikni, ayniqsa, pandemiyada eng ko'p muammolarga duch kelgan turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat ko'rsatish sohalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida huquqiy, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha bo'lgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirildi. Tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini soliq auditidan o'tkazish 2021-yil 1-yanvarga qadar to'xtatildi va bu moratoriy muddati yana 2021-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi.

2020-yil 1-apreldan 31-dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko'rsatuvchi sub'ektlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to'lashdan ozod qilindi hamda ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida to'lashi belgilandi.

Turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar foyda solig'i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirildi. Bu imtiyozlar muddati ham 2021-yilning 31-dekabriga qadar uzaytirildi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tadbirlari davrida o'z faoliyatini to'xtatishga majbur bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to'lovlarini hisoblash va undirish to'xtatildi. Qolaversa, 2020-yilning 1-iyunidan 31-dekabrgacha kichik tadbirkorlik sub'ektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog'lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo'lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko'rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o'tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslar mol-mulk solig'i va yer solig'ini to'lashdan ozod qilindi.

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida birgina karantin cheklovlari o'rnatilgan davrning o'zida pandemiyadan zarar ko'rgan 60 mingdan ortiq kichik biznes sub'ektlari mol-mulk va yer solig'idan ozod qilindi, 21 mingta tadbirkorga foydalanilmayotgan ob'ektlari (er, bino) uchun yuqori stavkadagi soliq va jarimalarni undirish to'xtatildi. 329 mingta kichik biznes sub'ekti uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga kamaytirildi va 4 mingdan ortiq eksport qiluvchi debitorlik qarzlari mavjud korxonalarga jarimalarni qo'llash to'xtatildi.
Shuningdek, 105 mingta tadbirkorlarning 21,5 trln. so'mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib berildi, tadbirkorlikni rivojlantirish jamg'armasidan 25 mingdan ortiq tadbirkorga 8,4 trln. so'mlik moliyaviy ko'mak ko'rsatildi.

Bundan tashqari, pandemiya bo'lishiga qaramasdan 2020-yil natijalariga ko'ra, 94.9 mingta yangi kichik biznes sub'ektlari tashkil etilganligi ham davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanilganligining yaqqol misolidir .
Shuni alohida qayd etish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida pandemiya davrida jabr ko'rgan tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan imtiyozlar muddati 2021-yilning yakuniga qadar uzaytirilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, davra suhbatida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan masalalarni hal etish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati