Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon banki vakolatxonasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilarga 2020-yil aprelidan 2021-yil yanvarigacha boʻlgan davrda pandemiya mamlakat fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy holati va psixologik salomatligiga taʼsirini baholovchi “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglash” (OʻFT) loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari taqdim etildi.

2020-yilning mart oyida birinchi umummilliy karantin joriy etilishi ortidan loyiha pandemiyaning fuqarolar ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va psixologik salomatligiga taʼsirini ham kuzata boshladi. Inqiroz boshlanganidan buyon jami 18 000 dan ortiq uy xoʻjaligi va 4000 dan ortiq mahalla raislari soʻrovnomada qatnashdi.

OʻFTning soʻnggi natijalariga koʻra, 2020-yil aprel oyida asosan poytaxtdagi mehnat bozorini qamrab olgan ish qidirish saytlaridagi boʻsh ish oʻrinlari soni oʻtgan yilga nisbatan 54 foizdan ziyodga kamaydi. Dekabr oyida esa ularning soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 20 foiz kamaygani kuzatildi. Shu bilan birga, ish izlab eʼlon qoldirganlar soni koʻpaygan.

2020-yilning aprel oyida respondentlarning yarmidan kamrogʻi oila aʼzolaridan biri karantin boshlanganidan keyin ishni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlganini qayd etdi. Bu esa aholi farovonligining asosiy manbai — mehnat daromadining keskin pasayishiga olib keldi. Ish bilan bandlik boʻyicha dastlabki uzilishlarning aksariyati vaqtinchalik boʻlgan boʻlsa-da, 2020-yilda tiklanish darajasi karantingacha boʻlgan darajadan past boʻlgan, ayniqsa, ilgari oʻz-oʻzini ish bilan band qilgan odamlar orasida.

2020-yilning noyabr oyida aholining narxlar koʻtarilib borayotganidan xavotirda ekani koʻproq kuzatildi. Biroq yil oxiriga kelib vaziyat barqarorlashdi va inqirozgacha boʻlgan koʻrsatkichlarga qaytdi.

Chet elda mehnat migratsiyasining keskin toʻxtatilishi tufayli oʻn minglab oilalar anʼanaviy ravishda ularga bogʻliq boʻlgan pul oʻtkazmalaridan mahrum boʻlib qoldi.

Pandemiyadan soʻng oila aʼzolari kelajakda chet elga koʻchib oʻtishni faol ravishda reajalashtirayotgan uy xoʻjaliklari ulushi deyarli nolga tushib qoldi. Ularning soni 2019-yilga nisbatan 2021-yilda ham pastligicha qolmoqda. Aholining ommaviy emlanganligiga qadar xorijga chiqish boʻyicha cheklovlar butunlay bekor qilinmaguncha vaziyat oʻzgarishsiz qolishi ehtimoldan xoli emas.

Soʻrov natijalariga koʻra, 2020-yil aprel oyidan buyon taxminan 5,2 million kishiga shoshilinch yordam koʻrsatilgan. Ularga davlat tomonidan nafaqalar, vaucherlar yoki bir martalik pul mablagʻi shaklida yordam berilgan.

Yordam olish toʻgʻrisidagi xabarlar shahardan kelgan respondentlar orasida ikki baravar koʻp uchraydi. Umuman olganda, moddiy yordamni daromadi past uy xoʻjaliklariga manzilli yetkazishga erishildi.

2020-yilning soʻnggi oylarida mahalla raislari fuqarolarning ijtimoiy yordam boʻyicha murojaatlari soni kamaygani haqida xabar berdi. Shunday qilib, bolali oilalarga (2 yoshgacha) bolalarni parvarish qilish boʻyicha nafaqa olish uchun yangi murojaatlar soni avgust oyida mahallalarning 58 foizida kuzatilgan boʻlsa 2021-yilning yanvar oyida bu raqam 28 foizni tashkil etdi. Bolali, kam taʼminlangan (2 yoshdan oshgan) oilalar uchun imtiyozlar boʻyicha yangi arizalar soni shu davr mobaynida 51 foizdan 32 foizga tushgan.

Kam taʼminlanganlar uchun boshqa imtiyozlar boʻyicha arizalar (oilada farzandlar borligi bilan bogʻliq boʻlmagan) avgust oyida 56 foizdan 2021-yilning yanvar oyida 21 foizga qadar kamaydi. Avgust oyida boshqa xayriya jamgʻarmalariga yordam soʻrab qilingan murojaatlar mahallalarning 46 foizida koʻrib chiqilgan boʻlsa, ularning soni 2021-yilda deyarli nolga tushdi.

Davra suhbatida ishtirok etgan mutaxassislarning fikriga koʻra, fuqarolarning shoshilinch va ijtimoiy yordam soʻrab qilgan murojaatlarining kamayishi ijobiy tendensiya sifatida qaralishi mumkin. Chunki bu aholining iqtisodiy ahvoli izchil yaxshilanayotgani koʻrsatkichlaridan biridir. Bu uy xoʻjaliklari tomonidan tashqi yordamga ehtiyoj kamayib borayotganidan darak beradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati