Soʻnggi yillarda dunyo aholisi oʻrtasida ovqat hazm qilish tizimi bilan bogʻliq xastaliklar keng tarqalmoqda. Ayniqsa, ular orasida pankreatit – oshqozon osti bezining oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanishi yetakchi oʻrinni egallaydi. Xoʻsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʻladi? Mazkur savolga tibbiyot fanlari doktori Feruza Xamrabayeva javob berdi.
— Oshqozon osti bezi ovqat hazm qilish tizimining muhim organi boʻlib, ozuqa moddalarining soʻrilishi uchun zarur, — deydi mutaxassis. — Ushbu aʼzo oʻzidan ichakdagi oqsillar, yogʻlar va murakkab uglevodlarni parchalaydigan fermentlarni ajratadi. Shu bilan birga, uning yana bir funksiyasi – organizmdagi glyukozani saqlash va uni tartibga solish uchun insulin gormonini ishlab chiqaradi. Pankreatit – oshqozon osti bezining yalligʻlanishi boʻlib, ushbu aʼzoning disfunksiyasi tufayli ovqat hazm qilish fermentlari muddatidan oldin faollashganda va organ toʻqimalariga zarar yetkazganda rivojlanadi.
Kasallikning oʻtkir shaklida toʻqimalarning “oʻzini oʻzi hazm qilish” mexanizmi ishga tushadi. Surunkali yalligʻlanish oqibatida hazm qiluvchi fermentlar yetishmovchiligi yuzaga keladi. Fermentlar oʻrnini oshqozonosti bezi hujayralarining egallashi esa uning tashqi sekretor funksiyasini buzish bilan birga, gormonlar ishlab chiqish vazifasini ham oʻzgartirib yuboradi.
Xastalikning kelib chiqishiga koʻpincha notoʻgʻri ovqatlanish sabab boʻladi. Shuningdek, oʻt qopi va oʻt yoʻllari hamda oʻn ikki barmoqli ichak kasalliklari, bez yoʻllarining toshlar yoki oʻsmalar bilan berkilib qolishi, genetik moyillik, gormonal oʻzgarishlar, baʼzi dorilarni qabul qilish, spirtli ichimliklar, stress va infeksion kasalliklarning bir qancha turlari ham asosiy omillardan.
Pankreatitga chalingan insonda koʻngil aynishi, qayt qilish, oʻng qovurgʻa va qorinning pastki qismida ogʻriq, tana haroratining koʻtarilishi, diareya va teri sargʻayishi kuzatiladi. Qorin devori va koʻrichakni eslatuvchi qorinning oʻng tomonida oʻtkir ogʻriq, vazn yoʻqotish, yelka kuragi yoki koʻkrak orqasiga tarqaladigan ogʻriq, qorin dam boʻlishi, umumiy zaiflik, bosh aylanishi ham kasallik belgilaridir.
Xastalikni davolash shifokor tomonidan uning darajasiga, hamroh kasalliklar borligiga va bemorning umumiy ahvoliga qarab belgilanadi. Agar pankreatit belgilari 2-4 kun davomida bezovta qilsa, albatta, gastroyenterolog-shifokorga murojaat qilish lozim.