Har yili bemorlar soni salkam 1,5 million nafarga koʻpaymoqda. Eng achinarlisi, xastalik yiliga 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin boʻlyapti.
Albatta, bu koʻrsatkichlar OIV inson hayoti uchun jiddiy tahdid ekanligining yaqqol tasdigʻidir.
Ushbu global muammoga qarshi hamjihatlikda kurashish maqsadida har yili 1-dekabr sanasi dunyo boʻylab Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Bahrom Egamberdiyevning fikricha, hozir yurtimizda oʻz statusidan xabardor boʻlgan OIV bilan yashovchilar 87 foizga, bemorlarni retrovirusga qarshi muolajalar bilan qamrab olish koʻrsatkichi 89 foizga yetgan.
Soha raqamlashtirilishi natijasida 18 yoshgacha boʻlgan OIV infeksiyali bolalarga nafaqa tayinlash, homiladorlar, nikohlanuvchilar va aholi turli vakillarini OIVga tekshirish, bemorlarning tibbiy kuzatuvi, xorijga chiqish, donorlik hamda tugʻilish maʼlumotlarida aniqlikka erishilib, ovoragarchilikka chek qoʻyildi.
Bemorlarga, respublikaning qaysi manzilida yashashidan qatʼi nazar, chegarasiz tibbiy xizmat koʻrsatish va muolaja oʻtkazish imkoniyati yaratildi. Dorilarni qabul qilishda uzilishlarning oldini olish choralari koʻrilyapti.
Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tugʻilgan bolalarga OIV yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirish qamrovi 100 foizga yetkazildi.
OIV aniqlangan boʻlgʻusi onalar va ulardan dunyoga kelgan farzandlar retrovirusga qarshi dori vositalari, chaqaloqlar olti oylik boʻlguniga qadar quruq sut aralashmalari bilan taʼminlanmoqda.
Tuman laboratoriyalari faoliyati raqamlashtirilishi natijasida barcha OIV skriningi natijalari elektron tizimda oʻz aksini topyapti.
Joriy yilda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi oʻz statusini bilishlari uchun 5 million nafardan ortiq aholi orasida tegishli tekshiruvlar oʻtkazildi.
Albatta, bularning barchasi kelgusida bu xavfli kasallikning oldini olish, uni erta bosqichda aniqlab, samarali davolashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.








